Farg‘onada ikki kun ichida ikki nafar velosipedchini mashina urib yubordi. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

8 aprel kuni fuqaro N.Yo. boshqaruvidagi Lacetti Dang‘ara tumanidagi Toshkent ko‘chasida ketayotib, yo‘lning qatnov qismini velosipedda kesib o‘tayotgan A.B.ni urib yuborgan. Oqibatda A.B. tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Shuningdek, 9 aprel kuni soat 17:30 larda Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahrida 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashina yo‘lni belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotgan 2009 yilda tug‘ilgan velosipedchini urib yuborgan. Natijada velosipedchi shifoxonada vafot etgan.

Ma’lumotga ko‘ra, YTH sodir bo‘lgan avtomobil yo‘li 8 aprel kuni kechki vaqt mutasaddi tashkilotlar tomonidan to‘liq ta’mirlangandan keyin topshirilgan bo‘lgan. Lekin avtomobil yo‘li jihozlanmaganligi va yo‘l belgilari chizilmagan holatda foydalanishga topshirilganligi aytilmoqda.