Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) rektori Komiljon Karimov ta’lim sohasidagi raqobat uchun teng sharoitlar yaratishning ahamiyati, davlat oliygohlarining ilmiy salohiyati, «kontrakt» miqdori oshishining sabablari va xususiy OTMlarning birinchi navbatda foyda olishga intilishi nimalarga olib kelishi haqida o‘z mulohazalari bilan bo‘lishdi. «Gazeta.uz» intervyusi.

OTMlarning asosiy roli haqida

OTM oldida qandaydir aniq yagona vazifa turibdi deb o‘ylamayman. OTMlarning juda ko‘p vazifasi bor. Va bu faqatgina talabalarga bilim va ko‘nikmalar berish emas. Oliygoh insonning shaxs sifatida shakllanishiga hissa qo‘shadigan ijtimoiy birlik hisoblanadi.

Men ko‘pincha OTMlarni ommaviy axborot vositalari bilan taqqoslayman. Chunki OAVlarning vazifasi jamoatchilik fikrini shakllantirishdan iborat. OTMlar esa jamoatchilik ongini, jamiyat madaniyatini shakllantiradi.

Davlatning таълiмдагi roli to‘g‘risida

Xalqaro tajribada davlat oliy ta’lim boshqaruvida ma’lum bir darajada qatnashadi. Sanoati rivojlangan mamlakatlarda davlat bu jarayonda bilvosita ishtirok etadi. Davlat nimani yoki qanday o‘qitishni, fanga necha soat ajratishni va qancha mablag‘ sarflash kerakligi bo‘yicha ko‘rsatmalar bermaydi. Davlat oliy ta’limni boshqarishda kuzatuv yoki vasiylik kengashi, turli xil moliyalashtirish sxemalari yoki qandaydir tartibga solish funksiyalari orqali ishtirok etishi mumkin.

Davlatning ishtirokisiz va uning moliyaviy ko‘magisiz OTMlar to‘liq va samarali ishlay olmaydi.

Masalan, Buyuk Britaniyada davlat OTMni moliyalashtirishda bilvosita ishtirok etadi. OTM byudjetiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazilmaydi. U yerda Funding Council deb nomlanadigan moliyaviy kengashlar mavjud, ular orqali talabalarning o‘qishi moliyalashtiriladi. Bu holatda ta’lim kreditlarini banklar emas, balki moliyaviy kengashlar ajratadi.

Yana bir misol, davlat turli xil jamg‘armalar va moliyaviy tuzilmalar orqali OTMlardagi ilmiy izlanishlar uchun katta mablag‘ ajratadi.

Davlat va xususiy OTMlar o‘rtasidagi raqobat

Agar oliy ta’limda raqobat rivojlansa, bu tabiiy ravishda sifat yaxshilanishiga va xizmatlar narxining pasayishiga olib kelishi kerak. Chunki bozorda taklif va tanlash imkoniyati ko‘payadi.

2016 yilda O‘zbekistonda butun respublika bo‘ylab 75 ta OTM mavjud edi, bugungi kunda ularning soni 131 taga yetdi. Ularning deyarli to‘rtdan biri xalqaro OTMlardir.

Oliy ta’lim bilan qamrab olinganlik darajasi ham ikki baravarga oshdi. 2016 yilda bu ko‘rsatkich taxminan 9% ni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib oliy ta’lim bilan qamrab olinganlik 25% ga yaqinlashdi. 2030 yilgacha ushbu ko‘rsatkichni 50% ga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan.

Men oliy ta’limda mulkchilikning turli shakllari o‘rtasidagi raqobatni faqat olqishlayman. Bu, o‘z navbatida, variativlikni ham oshiradi.

Ammo raqobat uchun boshlang‘ich pozitsiyalar teng bo‘lishi kerak, shundagina raqobat adolatli bo‘ladi. Agar imkoniyatlaringiz ma’lum bir ma’noda chegaralangan bo‘lsa, sizning raqobatchingiz faoliyatiga esa bunday chegaralar qo‘yilmagan bo‘lmasa, tabiiyki adolatli raqobat haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Bu iqtisodiyot qonuni. Xususiy va davlat OTMlarining huquqiy, ma’muriy yoki moliyaviy sharoitlari mutlaqo farq qiladi.


Xalqaro OTMlar bilan teng raqobat qilish yoki o‘zimizni xorijdagi OTMlar bilan taqqoslash uchun ular bilan teng sharoitlarda bo‘lishimiz kerak. Oliygohlarga ko‘proq avtonomiya berish uchun qilinayotgan ishlar shu uchun ham muhim. Agar sharoitlar turlicha bo‘lsa, unda yakuniy natijaning bir xil bo‘lishini talab qilish ham mantiqsizlik va xato bo‘ladi.

Lekin, OTMlarning o‘zi ushbu avtonomiyaga tayyormi? Bu bosqichma-bosqich jarayon bo‘lishi kerak. 2022 yildan boshlab respublikaning 30 ga yaqin oliy ta’lim muassasasi boshqaruv, moliyaviy va o‘quv jarayonida avtonomiyaga o‘tadi. Umid qilamanki, JIDU ham ular qatorida bo‘ladi. JIDU o‘qituvchilar salohiyati va moddiy ta’minot nuqtai nazaridan bunga tayyor.

Nima uchun xususiy OTMlar foyda olishni ustuvor maqsad qilib qo‘ymasligi kerak

Dunyo bo‘ylab talabalarning atigi uchdan bir qismi (33%) xususiy oliy ta’limda tahsil oladi. Taxminan 70%i davlat ishtirokidagi OTMlarda o‘qiydi. Xususiy universitetlarning aksariyati, qanchalik g‘alati bo‘lmasin, rivojlanayotgan mamlakatlarda joylashgan. Bu borada Lotin Amerikasi birinchi o‘rinda turadi, mintaqadagi deyarli 45% OTMlar xususiy hisoblanadi.

Braziliyada talabalarning 72% xususiy OTMlarda tahsil oladi. Yaponiyada deyarli 79%, Janubiy Koreya va Filippinda ham xususiy OTMlarda o‘qiydigan talabalar soni ko‘p. Ammo bu OTMlar qandaydir shaxslarga tegishli emas. Ko‘pincha ular yirik kompaniyalar tomonidan yaratilgan o‘ziga xos korporativ OTMlar.

OTM xususiy bo‘lsa ham, bu uning maqsadi foyda olish bo‘lishi kerak degani emas. Xususiy OTMlarning ko‘pi beg‘araz maqsadda jamiyat rivojiga hissa qo‘shish funksiyasini bajaradi. Aslida, bu jamoat tashkilotlari va ular «not for profit» sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Ushbu muassasani boshqaruvchi insonlar ham mazkur faoliyatdan daromad ololmaydilar. Olinadigan barcha foyda universitetning o‘ziga yo‘naltiriladi.

Xalqaro amaliyotda ham, O‘zbekiston misolida ham OTMларni foyda olish maqsadida ochish — yaxshi g‘oya emas. Ta’limga investitsiya qilingan pullar uzoq muddatdan keyin o‘zini oqlashi mumkin. Siz biznesingiz faoliyati boshlanganidan 5−10 yil o‘tib, keyin daromad olishingiz mumkin. Bu darhol katta daromad keltiradigan soha emas.

Agar maqsad foyda olish bo‘lsa, bu sifatga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday oliygoh ta’sischilari uchun sifatdan ko‘ra miqdor ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ko‘proq talabalarni qabul qilish, ularning tezroq tugatishini kutish va tezroq daromad olish asosiy maqsad bo‘lib qoladi.

Sarmoyalaringiz tezroq daromad keltirishni boshlaydigan ko‘plab boshqa sohalar mavjud.

Bu sohaga jamiyat rivojlanishiga hissa qo‘shishni maqsad qilgan odamlar kirishi kerak. Ya’ni, ta’limni, shu jumladan oliy ta’limni rivojlantirishga sarmoya kiritish imkoniyatiga ega bo‘lgan filantroplar.

Davlat OTMlarining ilmiy salohiyati to‘g‘risida

Xalqaro yoki xususiy OTMlar talabalarni ko‘proq tashqi ko‘rinishi, sharoiti yoki moddiy-texnik bazasi bilan jalb qilishi mumkin. Bu ham muhim masala.

Ammo, ushbu OTMlarning ilmiy bazaga sarmoya kiritish imkoniyati oddiy sabablar bilan cheklangan: bu tezda foyda keltirmaydi. Ta’lim jarayonini tashkil etish — bu masalaning faqat bir tomoni, ammo OTM — bu ilmiy ish va ilmiy faoliyat hamdir.

Oksford yoki Kembrij bo‘ladimi, har qanday nufuzli universitetni oling, ular avvalo o‘zlarining ilmiy yutuqlari, ilmiy bazalari bilan mashhur. Ilmiy faoliyat esa — bu juda jiddiy sarmoyalarni talab qiladigan soha va u yaqin kelajakda sizga daromad olib kelishi ham dargumon.

Davlat ishtirokidagi OTMlarda esa ilmiy salohiyat va ilmiy baza allaqachon shakllangan va mavjud. Va har qanday yangi xususiy oliygoh uchun davlat OTMlari bilan ushbu masalada raqobatlashish qiyin bo‘ladi. Ammo bu salohiyat moddiy-texnik bazani yaxshilashda, yangi o‘qitish uslublarida namoyon bo‘lishi kerak.

«Kontrakt» miqdorining oshishi va to‘lov usullari to‘g‘risida

Hozir OTMlar bosqichma-bosqich ravishda moliyaviy avtonomiyaga o‘tmoqda. Moliyaviy avtonomiyada OTM barcha xarajatlarni o‘z mablag‘lari hisobidan qoplaydi. Davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘lar ancha cheklangan bo‘ladi. Albatta, universitetlar moliyaviy mustaqillikka o‘tsa ham, ma’lum darajada davlat buyurtmasi bo‘ladi va u davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.

Ammo universitetlar o‘z moliyaviy barqarorligini asosan o‘zi ta’minlashi kerak bo‘ladi. Birinchi navbatda, bu talabalarning to‘lov-shartnoma mablag‘lari hisobiga qoplanadi.

OTMda qancha ko‘p talaba o‘qisa, bitta talaba uchun xarajat yoki ta’lim xizmatlari narxi shunchalik arzon bo‘ladi. Ammo talabalar kamroq bo‘lsa, unda tannarx ham oshadi.

Bu borada JIDU O‘zbekistondagi boshqa oliygohlar bilan taqqoslaganda kichik universitet, bugungi kunda bizda magistrlarni qo‘shib hisoblaganda talabalar soni 1500ga ham yetmaydi. Tabiiyki, ta’lim xizmatlarining narxi ancha yuqori. Shuning uchun «kontrakt» narxini oshirish to‘g‘risidagi qaror mantiqiy va to‘g‘ri bo‘lgan. Aks holda, universitet faoliyat yuritolmasdi.


Talabalar uchun «kontrakt» to‘lashni yengillashtiruvchi bir necha yo‘llar mavjud. Imkoniyatlar juda ko‘p va bu masalani faqat talabaning o‘ziga qoldirib bo‘lmaydi.

Ulardan biri bu — ta’lim kreditlari. Dunyoda talabalar yoki ularning ota-onalari ta’lim xizmatlari narxini o‘z cho‘ntagidan to‘laydigan mamlakatlar juda kam. O‘zbekistonda bunday amaliyot mavjud, ammo ushbu kreditlarni olish imkoniyatining miqyosi cheklangan.

Universitetning o‘zi ham talabalarga bevosita yordam berishi mumkin. JIDUda biz yuqori baholarga o‘qigan talabalarga tanlov asosida beriladigan universitet stipendiyasini joriy qildik. Bu «kontrakt» narxini ma’lum darajada qoplaydi.

Uchinchisi — bu turli xil tashkilotlarning jalb qilinishi. Masalan, ish beruvchilar eng yaxshi talabalarni tanlab olishlari mumkin va keyinchalik ishlab berish sharti bilan to‘lov-shartnoma pulini to‘liq yoki qisman qoplashlari mumkin. Biz bu borada ham faol ish olib boryapmiz.

Kim universitet rektori bo‘la olishi to‘g‘risida

Ta’lim muassasalarining o‘ziga xos xususiyati shundaki, bu yerda shunchaki menejer bo‘lish yetarli emas. Rektor bo‘ladigan kishi hal qilishi kerak bo‘lgan masalalarda vakolatli bo‘lishi lozim. Bu shunchaki boshqarilishi kerak bo‘lgan biznes emas-ku.

Rektor bo‘ladigan kishi akademik doiralarda tan olingan shaxs bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, u universitet ixtisosligi bo‘yicha ham vakolatli bo‘lishi lozim. Shu borada, men Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining rahbari ekanligimdan xursandman, bu sohada o‘zimni katta mutaxassisman deb ayta olmayman, lekin hech bo‘lmaganda bu masalalarda kompetensiyaga egaman. Bu juda muhim. Shuningdek, bu o‘quv jarayonini tashkil qilishda ham asqotadi.

Rektorlar menejer sifatida ham samarali bo‘lishlari kerak. Ular menejment va boshqaruvning nozik tomonlarini tushunishi kerak. Agar insonda bu fazilatlarning barchasi mujassam bo‘lsa, menimcha bunday odamlar muvaffaqiyatli rahbar bo‘lishlari mumkin.

Intervyuning keyingi qismida Komiljon Karimov нiма uchun JIDUda korrupsiya rivojlanmaganligi, bitiruvchilar uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar, shuningdek, tanqidiy fikrlash va talabalarдан «fidbek» olish muhimligi haqida gapiradi.