O‘tgan haftada tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Qatar davlatiga amaliy tashrif bilan bordi.

TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, 10 aprel kuni Dohada delegatsiya Qatardagi «Tolibon» harakati siyosiy vakolatxonasi rahbari mulla Barodar Axund bilan uchrashdi.

Unda Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish maqsadida tinch siyosiy jarayonni ilgari surish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.

Mulla Barodar Afg‘oniston muammolariga doimiy e’tibor qaratayotgani uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirdi. Bundan tashqari, «Tolibon» harakati rahbariyati vakili O‘zbekistonning Afg‘onistonda transport va energetika sohalarida muhim iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarini mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladi.

«U, ayniqsa, O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari nafaqat Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga, balki mamlakatda to‘laqonli tinch siyosiy jarayonni boshlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shu o‘rinda Afg‘oniston kelajakda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida «ishonch va hamkorlik ko‘prigi»ga aylanishi mumkinligi bildirildi», — deyiladi TIV xabarida.

Shuningdek, Abdulaziz Kamilov 11 aprel kuni Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Qatar bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon bin Josim Ol Soniy bilan ham uchrashdi.

Tomonlar o‘zaro siyosiy muloqotni faollashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda hamkorlikni sezilarli darajada oshirish zarurligini ta’kidladi.

Qolaversa, Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikka erishi va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha iklyuziv muzokaralarni ilgari surishning muhimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Qatar savdo va sanoat vaziri Ali bin Ahmad al-Kuvariy bilan ham uchrashdi.

Qatar tomoni, avvalambor, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga, O‘zbekistonning turizm infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv davomida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.