Quvaytning Jazeera Airways aviakompaniyasiga O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berildi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Quvayt davlati o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risidagi bitim asosida «O‘zaviatsiya» agentligi tomonidan 12 aprel kuni Jazeera Airways aviakompaniyasiga Quvayt — Toshkent — Quvayt yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berildi.

Aviakompaniya parvozlarni A320−214 va A320−251N havo kemalarida amalga oshirishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Jazeera Airways Quvaytning eng katta aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo bo‘ylab 35 dan ortiq shaharlarga muntazam parvozlarni amalga oshiradi.