«Toshkent metropoliteni» korxonasi poyezd vagonlaridan birining eshigi harakat vaqtida ochiq qolgani aks etgan videoyozuv bo‘yicha izoh berdi.

Mazkur holat juma kuni 18:40 da «Pushkin» va «Buyuk ipak yo‘li» stansiyalari o‘rtasida yuzaga kelgan. Poyezd «Buyuk ipak yo‘li» stansiyasiga kelishi bilan nosozlik bartaraf etilgan va tarkib odatdagi tartib bo‘yicha faoliyatini davom ettirgan.

Metroning barcha tarkiblarida eshiklarda maxsus signalizatsiya mavjud bo‘lib, ular poyezdning ochiq eshiklar bilan harakatlanishiga to‘sqinlik qiladi. Biroq eshiklar yopilishiga sun’iy to‘siq bo‘lganda yoki yopish mexanizmiga yot jism tushgan taqdirda avtomat ravishda yopish tizimi ishlamay qolishi mumkin, ya’ni bunday vaziyatlarda eshiklarning pnevmatik magistrali o‘chadi, deya izoh berdi metropoliten ma’muriyati.

«Vagonda favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan vaziyatda yo‘lovchilardan har bir vagonga o‘rnatilgan maxsus „yo‘lovchi-mashinist“ aloqa vositasi orqali tarkib mashinistini xabardor qilishni so‘raymiz. Shuningdek, eshiklarga suyanmaslik va avtomat ravishda yopilayotgan vaqtda ushlab turgan holda ular harakatiga to‘sqinlik qilmaslikni ham so‘raymiz. Yo‘lovchilar vagonga suqilib kirish yoki kimgadir yordam berish maqsadida tez-tez avtomat eshiklarni ushlab turishadi. Natijada tarkib stansiyada belgilangandan ko‘proq muddat qolib ketishi mumkin», — deyiladi xabarda.

«Toshkent metropoliteni» rahbariyati hodisa yuzasidan kechirim so‘rab, xizmat tekshiruvi boshlangani, jumladan, vagon ichidagi va stansiyalardagi videokameralar yozuvlari o‘rganilayotganini ma’lum qildi.