Angrendagi Birinchi Rezinotexnika Zavodi MCHJ shina zavodi ishi bo‘yicha tergov harakatlari boshlandi, deya xabar qildi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Bahodir Turobov O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida.

Partiya yig‘ilishida deputat Doniyor G‘aniyev shina zavodi loyihasi to‘liq o‘ylanmagani va samarasiz faoliyat yuritayotgani masalasini ko‘tarib chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zavodning kredit to‘lovlari bo‘yicha 3 mln dollar miqdorida qarzdorligi mavjud.

U Hisob palatasi vakillariga murojaat qilib, loyiha tashabbuskorlarining kimligi va javobgar shaxslar qonun oldida javob berish-bermasligini so‘radi.

Bahodir Turobov esa unga javoban yig‘ilgan materiallar Prezident administratsiyasi topshirig‘i bilan huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilganini ma’lum qildi. U ayni paytda tergov harakatlari olib borilayotgani, barcha e’tirozlar vazirlik va idoralarga yetkazilganini qo‘shimcha qildi.

AEsingizda bo‘lsa, avvalroq «Gazeta.uz» Qonunchilik palatasi spiker o‘rinbosari Alisher Qodirovga tayanib 156,4 mln dollarga barpo etilgan zavod quvvatining 15 foizida ishlayotgani, sifati talabga javob bermagani uchun 100 mingta shina sotilmay qolgani, bu vaqt davomida UzAuto Motors 60 mln dollarga avtorezina import qilgani haqida xabar bergan edi.

Keyinroq «O‘zkimyosanoat» kompaniyasi izoh berib, past ko‘rsatkichlar koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq ekani, xom ashyo importi cheklanib, bir necha marta ishlab chiqarish to‘xtab qolganini va sotuvlar pasayganini ma’lum qildi.