O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini muhokama qildi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Davlat rahbari yig‘ilishda ayrim hudud va sektor rahbarlari yaratilgan bu imkoniyatlardan haligacha to‘liq foydalana olmayotganini qayd etdi.

Rayon, shahar, viloyat sektor rahbarlari sizlar siyosatni tushunmayapsizlar. Hozirgi mana shu pandemiya paytidagi og‘ir sharoitda natijaga erishish bo‘yicha pirovard maqsadimiz nima, nima uchun odamlar bizdan norozi ekanliklarini hech qaysilaring tahlil qilmayapsizlar. Bugun, birinchi pog‘ona odamlarini ishdan olyapman. Agar chorak yakuni bo‘yicha bo‘lmasa, kerak bo‘lsa viloyat birinchi rahbarlarini ham ishdan olaman. Nimaga desangiz, tushunmayapsizlar, biz tarixiy og‘ir yillarda yashayapmiz. Bizga ko‘p narsa bog‘liq", — ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkor qo‘llab-quvvatlanmasa, sharoit yaratilmasa, ularni ko‘paytirmasak mahalliy byudjet, ishchi o‘rin bo‘lmaydi.

«Yana qaysi tilda, qanday tushuntirish kerak sizlarga? YAIM deymiz, barqaror o‘sish deymiz…Bo‘lmaydi ular hech qachon. Ko‘p joylarda korrupsiya bo‘lmasa, poraxo‘rlik bo‘lmasa, bankda, soliqda noinsof bo‘lmasa ishimiz bundan ham yaxshi ketadi. Bundan-da yaxshi ketadi, sizlar to‘siqsizlar ko‘p joylarda», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo hokimining birinchi o‘rinbosari O‘tkir Bo‘tayev, soliq boshqarmasi boshlig‘i Azamat Bozorov, Markaziy bank Qashqadaryo hududiy boshqarmasi boshlig‘i F.Rajabov, Navoiy viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Odil Xasanov, Markaziy bankning Navoiy bo‘limi Islombek Saidov va Markaziy bank soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muhammadiyev o‘z lavozimlaridan bo‘shatildi.

«Biror yerda ishlamasin. Bilish kerak shuncha oylik berib, shuncha harakat qilganimizni… Siyosatga hiyonatchi bular», — dedi prezident.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, viloyat prokurori Erkaboy Tojiyev va Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Sotvoldiyev, shuningdek, Navoiy viloyati hokimi Kobul Tursunov va viloyat prokurori Baxtiyor Ahmedovga hayfsan berildi.

«Oyog‘i yerdan uzilgan rahbarlar bular», — qo‘shimcha qildi prezident.

Shu bilan birga Ulug‘nor, Uzun, Yozyovon, Dehqonobod tumanlari hokimining birinchi o‘rinbosarlari, Andijon, Oltinko‘l, Olot, Qorako‘l, Oqoltin, Chilonzor, Mo‘ynoq tumanlari, Xiva va Chirchiq shaharlaridagi soliq idoralari boshliqlari ham lavozimidan bo‘shatildi.

«Ishdan olinganlar ishlagan davridan boshlab hamma oyligini davlatga topshirsin. Televizorda rasmini chiqazib, „xiyonatchi“ deb berish kerak. Xalq bilishi kerak kim bular, siyosatga qarshi ekanliklarini», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shuningdek, prezident Markaziy bank va uning hududiy boshqarmalari hamda tijorat banklar faoliyatini tanqid qildi. Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Botir Zohidovga hayfsan berildi.

«Agar ikki oy ichida ish uslubida o‘zgarish bo‘lmasa, mahallagacha tushib ishlmasa, tashabbus ko‘rsatmasa, uni ham ishdan ozod qilaman», — ta’kidlab o‘tdi Shavkat Mirziyoyev.

Tumanlar, shaharlar, viloyat hokimlari bir hafta muddatda aniq hisob-kitoblar asosida tumanlar va shaharlar kesimida tadbirkorlar bilan ishlashni tashkil etish to‘g‘risida kafolat xati yozishlari kerakligi belgilandi