Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ning turmush o‘rtog‘i shahzoda Filip, Edinburg gersogi 9 aprel kuni ertalab olamdan o‘tdi. Bu haqda Qirollik oilasining Twitter sahifasi xabar berdi.

Shahzoda Filip 99 yoshda bo‘lgan.

2011 yil iyun oyida tug‘ilgan kunining 90 yilligini nishonlash paytida shahzoda Filip jamoat boshqaruvidagi vazifalarini qisqartirish niyatida ekanligini e’lon qilgan. Bukingem saroyi 2017 yil 4 mayda Edinburg gersogi kuzdan boshlab qirol oilasi a’zosi sifatida shaxsan o‘ziga ishonib topshirilgan davlat vazifalarini bajarishni to‘xtatishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, shahzoda ko‘plab jamoat tadbirlarida turmush o‘trog‘iga hamrohlik qilishni davom ettirgan.

Ikki yil muqaddam Filip avtohalokatga uchragan, uning avtoulovi boshqa mashina bilan to‘qnashuvdan ag‘darilib ketgan. Boshqa avtomashinadagi ikki kishi engil tan jarohati olgan. Hodisada jarohat olmagan Edinburg gersogi 23 yanvar kuni avtohalokat uchun rasmiy ravishda uzr so‘ragan.