Kelayotgan haftada O‘zbekiston prezidentining Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan videomuloqoti mo‘ljallangan. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi, deya «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«O‘zbekiston bilan Pokistonni umumiy tarix, yagona din va o‘xshash madaniyat bog‘lab turadi. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik mustahkamlanib bormoqda. Pandemiyaga qaramasdan, muloqotlar va o‘zaro tashriflar faol davom ettirilmoqda», — ta’kidladi Sherzod Asadov.

O‘tgan yilning yakunlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 123 mln dollardan oshgan.

Navbatdagi muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan transport kommunikatsiyalarini barpo etish masalalari muhokama qilinadi.