O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining 2021 yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha qarori qabul qilindi.

Fitr sadaqasi quyidagi to‘rt narsaning qiymati barobarida chiqariladi. Ular: bug‘doydan yarim so’ (2 kg.), arpadan bir so’ (4 kg.), mayizdan yarim so’ (2 kg.) va xurmodan bir so’ (4 kg.)dir.

Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi narxlari o‘rganilganda 1 kg bug‘doy o‘rtacha 5 ming so‘m, 1 kg arpa o‘rtacha 3,5 ming so‘m, 1 kg mayiz o‘rtacha 40 ming so‘m va 1 kg xurmo o‘rtacha 35 ming so‘m ekani ma’lum bo‘ldi.

Shunga ko‘ra, 2021 yil uchun fitr sadaqasiniнг miqdori:

  • 2 kilogramm bug‘doy 10 000 (o‘n ming) so‘m;
  • 4 kilogramm arpa 14 000 (o‘n to‘rt ming) so‘m;
  • 2 kilogramm mayiz 80 000 (sakson ming) so‘m;
  • 4 kilogramm xurmo 140 000 (bir yuz qirq ming) so‘m deb belgilandi.

Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya qiladi.

Bu yilgi fidya miqdori esa bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, uning o‘rtacha qiymati 25 ming so‘m, deb belgilandi. Bu yilgi fidya miqdori bir kun uchun 25 000 (yigirma besh ming) so‘m, bir oyga 750 000 (yetti yuz ellik ming) so‘m deb belgilandi.

Fitr sadaqasi qiymatlari Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilangan bo‘lib, har bir viloyat o‘z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.

Islom shariatiga ko‘ra, fitr sadaqasi moli zakot nisobiga yetgan musulmon kishi tomonidan miskinlarga berilishi vojib bo‘lgan sadaqa bo‘lib, uni Ramazon oyi davomida berish maqsadga muvofiq sanaladi.

Zakotning tillodan nisobi 85 gramm bo‘lib, bugungi kunda 1 gramm tilloning o‘rtacha narxi 320 000 (uch yuz yigirma ming) so‘m ekani e’tiboridan, bu yilgi Zakot nisobi 27 200 000 (yigirma yetti million ikki yuz ming) so‘m deb belgilandi.

Shunga ko‘ra, zarur ehtiyojdan tashqari bir yil davomida 27 200 000 (yigirma yetti million ikki yuz ming) so‘m va undan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan musulmon kishi jami mablag‘ining qirqdan biri (1/40)ni hisoblab, uni zakot niyatida kambag‘al va faqirlarga beradi.