8 aprel kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan ishlatib bo‘lingan, yaroqsiz batareykalarni yig‘ish, qayta ishlash masalalariga bag‘ishlab press-tur tashkil etildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga xabar bermoqda.

Davlat ekologiya qo‘mitasi tashabbusi bilan «Toza hudud» va «Maxsustrans» DUKning 701 ta chiqindilarni yig‘ish punktlarida maxsus idishlar o‘rnatishni boshlash topshirilgan edi.

Xabarga ko‘ra, dastlabki batareykalarni yig‘ish uchun mo‘ljallangan konteynerlarni Toshkentda va Farg‘ona viloyatida ko‘rish mumkin. Ushbu konteynerlar shakli va ko‘rinishidan batareykalarni eslatadi.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

«Bugungi kunda poytaxtda „Maxsustrans“ DUK ning 530 ta va xususiy sanitar tozalov kompaniyalarining 171 ta konteynerlari paydo bo‘ldi. Konteynerlar o‘rnatish ishlari davom etmoqda va ular barcha chiqindilarni yig‘ish joylarini qamrab oladi», — deyiladi qo‘mita bayonotida.

Ma’lumot uchun, mutaxassislarning hisob — kitoblariga ko‘ra, bir dona tashlab yuborilgan o‘rtacha soat batareykasi 20 m2 yerni og‘ir metallar bilan ifloslantirishi mumkin.