Jizzax viloyatida turistik zona va umummavsumiy kurort tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu prezidentning 6 apreldagi «Zomin» turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida aks etgan.

Mazkur hujjatga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:

  • «Zomin» turistik-rekreatsion zonasi;
  • «Zomin» turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi davlat unitar korxonasi;
  • Turistik zona hududida «Suffa platosi. 2 400» xalqaro umummavsumiy kurorti va «O‘riklisoy» turizm majmuasi.

Turistik zona faoliyat ko‘rsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilga tashkil qilinadi.

Hududda elektromobillar uchun elektr quvvatlash stansiyalari, vertolyotlar uchun uchish-qo‘nish maydonchalari joylashtirilishi reja qilingan.

Sportning ekstremal turlari, jumladan, zimplayn uchun sharoit yaratiladi. Fotosuratlar olish uchun manzarali va noyob joylarda selfi zonalar, qolaversa, suvenir va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi ob’ektlari bunyod etilishi ko‘zda tutilgan.

2024 yil 1 yanvargacha qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tashkil etish uchun tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va boshqa materiallar bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.