“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishi faoliyati to‘xtab qolganiga izoh berdi. Bu haqdagi xabarlar 8 aprel kuni ertalab ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.

Jumladan, “Olmazor” va “Bekat-1” stansiyalari o‘rtasida to‘xtab qolgan poyezd yo‘lovchilari yer usti estakadasi bo‘ylab piyoda evakuatsiya qilingan. Bu haqda Kun.uz ham xabar berar ekan, energiya bilan ta’minlovchi qurilmalarning parchalanib, 30−50 metr masofaga sochilib ketganini ma’lum qildi.

“Bugun, taxminan 10:45da Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishi texnik sabablarga ko‘ra to‘xtatildi. Barcha yo‘lovchilar evakuatsiya qilindi. Sergeli metro yo‘nalishi bo‘ylab bepul avtobuslar harakati tashkil etilmoqda”, — deyiladi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi xabarida.

Ayni vaqda, “Toshkent metropoliteni” rahbariyati voqea joyida vaziyat sabablarini aniqlamoqda. “Bular haqida batafsil xabar beramiz”, — deya qayd etdi kompaniya.

Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishi (“Olmazor” — “Buyuk Ipak Yo‘li”) odatdagi tartibda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Toshkent metropolitenining Sergeli yoʻnalishida poyezdlar harakati soat 16:45da tiklandi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi maʼlum qildi.

Avvalroq Toshkent metropolitenining Sergeli yoʻnalishidagi harakatini toʻxtatish sababi kontakt relsining kronshteyni ushlab turish qurilmalaradan chiqib ketgani xabar qilingan edi.

Bu metroning yangi yo‘nalishida sodir bo‘lgan birinchi hodisa emas. Mart oyida “Olmazor” va “Bekat-1” stansiyalari o‘rtasidagi tunnelda ikkita poyezd to‘qnashgan edi.