8 aprel kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda 27 yoshli Ayzada Kanatbekovaning o‘g‘irlanishi va o‘ldirilishi holati yuzasidan 300 ga yaqin kishi Ichki ishlar vazirligi hamda hukumat binolari oldiga namoyishga chiqishdi, deya xabar berdi AKIpress axborot agentligi.


Qiz 5 aprel kuni Bishkekda o‘g‘irlab ketilgan. Uch kishi uni majburan mashinaga o‘tqazib, noma’lum yo‘nalish bo‘yicha olib ketishgan. Ikki kundan so‘ng, Bishkek yaqinidagi Chuy viloyatidagi dalada turgan avtomobil salonida qizni zo‘rlik ishlatib o‘ldirish alomatlari bo‘lgan holdagi va 36 yoshli erkakning pichoq bilan jarohatlar yetkazilgan holatdagi jasadlari topildi. Ularning jasadlariga mahalliy cho‘pon duch kelgan.

Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, mojaro yuzaga kelib, erkak qizni bo‘g‘ib o‘ldirgan, so‘ngra o‘z joniga qasd qilgan.

Miting ishtirokchilari «odamlarning ongini o‘zgartirish» uchun ushbu holatga e’tibor berishni va bu ish nafaqat ala-kachuu (qiz o‘g‘irlash) an’anasi, balki jinoyat ekanligini tan olishni so‘rashmoqda. Namoyishchilar, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari bu borada faol emasligini ta’kidlab, ichki ishlar vaziri Ulan Niyozbekovni iste’foga chiqishini va «Kelinni o‘g‘irlash» moddasi uchun jazoni kuchaytirishni talab qilishmoqda.

Qirg‘iziston bosh vaziri Ulukbek Maripov namoyishchilar oldiga chiqdi. Yig‘ilganlar uni «Uyat!» va «Sharmandalik!», shuningdek, «Sizda ikki kun bor edi!» kabi hayqiriqlar bilan qarshilashdi. Ulukbek Maripov namoyishchilarga ushbu ish prezident va bosh vazir nazorati ostida ekanligini aytdi, shuningdek tergov-surishtiruv ishlari uchun vaqt so‘radi.

«Men Ayzada Kanatbekova ishini shaxsiy nazoratimga olaman. Bu ishni oxiriga yetkazish kerak, jazo esa muqarrar bo‘ladi», — dedi Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov keyinchalik o‘z murojaatida.