Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida sanoat zonalarini infratuzilma bilan ta’minlashga, joriy yilda 2 trln so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Shundan kelib chiqib, energetika vaziri Alisher Sultanov, uy-joy kommunal xizmati ko‘rsatish vaziri Sherzod Xidoyatov va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyevga viloyat hokimlari bilan birga, yil yakuniga qadar 168 ta mavjud va yangi sanoat zonasini 468 km elektr, 362 km gaz, 405 km suv va 104 km yo‘l bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

«Umuman olganda, joriy yilda tadbirkorlarda energiya ta’minoti va boshqa infratuzilma bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasligi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U misol tariqasida elektr quvvati past bo‘lgani bois, Yangihayot tumanidagi 24 ta korxonada 2,5 mingta ish o‘rni va eksportdan yiliga 25 mln dollar yo‘qotilayotganini aytdi.

Respublikada infratuzilmadagi muammolar tufayli, 320 ta tadbirkor so‘nggi 2 yilda import qilgan 220 mln dollarlik asbob-uskunalarini ishga tushira olmayotgani qayd etildi.

Joriy yilda tadbirkorlarning elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga 560 mlrd so‘m ajratildi.

Bundan tashqari, energetika vaziri Alisher Sultanov, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov viloyat hokimlari bilan birga, bir oy muddatda muammosi mavjud sanoat zonalarini xatlovdan o‘tkazib, elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ishlarni jadallashtirishi ma’lum qilindi.

«Dilmurod Qosimov (biznes-ombudsman) joyiga chiqib, tadbirkorlarning infratuzilma bilan bog‘liq muammolari hal qilinganini o‘rganadi. Aybdorlarni ishdan olish va jarima qilish bo‘yicha har 15 kunda taklif kiritib boradi», — dedi prezident.

Davlat rahbari sanoat zonalardagi elektr ta’minotini yaxshilashga yana qo‘shimcha 300 mlrd so‘m ssuda mablag‘lari ajratilishini ta’kidladi.