8 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida Qashqadaryo viloyati hokimi va Navoiy viloyati hokimi faoliyati tanqid ostiga olindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev, viloyat prokurori, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga, hamda Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov va viloyat prokuroriga hayfsan berildi. Agar, chorak yakunigacha o‘zgarish bo‘lmasa, barchasi ishdan ketadi.

Yig‘ilishda shuningdek, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari O‘tkir Bo‘tayev, soliq boshqarmasi boshlig‘i Azamat Bozorov, Markaziy bankning Qashqadaryo viloyat Bosh boshqarmasi boshlig‘i F.Rajabov, Navoiy viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Odil Hasanov, Markaziy bankning Navoiy viloyat Bosh boshqarmasi boshlig‘i Islombek Saidov va soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muhammadiyevlar lavozimidan ozod etildi.

Qolaversa, Ulug‘nor, Uzun, Yozyovon, Dehqonobod tumanlari hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, Andijon, Oltinko‘l, Olot, Qorako‘l, Oqoltin, Chilonzor, Mo‘ynoq tumanlari, Xiva va Chirchiq shaharlari soliq idoralari boshliqlari ham lavozimidan bo‘shatildi.

Bundan tashqari, Markaziy bank, uning hududiy boshqarmalari va tijorat banklari faoliyati ham talab darajasida emas.

Shu sababli, Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Zoxidovga hayfsan berildi. Agar 2 oy ichida ish uslubida o‘zgarish bo‘lmasa, mahallagacha tushib ishlamasa, tashabbus ko‘rsatmasa, uni ham ishdan olaman.

Prezident yig‘ilishda ishtirok etayotgan rahbarlar o‘z hisobotida quyidagi savollarga javob berishi kerakligini ta’kidladi:

Birinchi — o‘z hududlarida qaysi tadbirkorlik yo‘nalishlari rivojlantirilib, nechta yangi loyihalar ishga tushiriladi?

Ikkinchi — qancha aholining bandligi ta’minlanadi va 3 ta «daftar»ga kirgan aholi soni qanchaga qisqaradi?

Uchinchi — yil oxirigacha nechta soliq to‘laydigan tadbirkorlar paydo bo‘ladi va byudjetga qancha qo‘shimcha mablag‘ tushadi?

Yig‘ilishda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan tezkor choralar hisobiga 33 ta «qizil» tumandan 28 tasida keskin o‘zgarish bo‘lgani ma’lum qilindi. Ushbu tumanlarda 2 mingta yangi loyiha ishga tushgan, soliq tushumlari 15 foiz o‘sib, 25 ming yangi ish o‘rni yaratilgan.

Misol uchun, Xovos tumani o‘tgan 6 oy davomida 8 pog‘ona yuqorilab, viloyatda 2-o‘ringa chiqib olgan (avval 10-o‘rinda bo‘lgan).

Videoselektorda Xovos tumani hokimi Uchqun Kamolov va Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev hududda ahvolni yaxshilash bo‘yicha ko‘rgan choralarni tushuntirdi.