Mart oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan Sherzod Asadov chorshanba kuni vazirlik va idoralarning matbuot kotiblari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda matbuot xizmatlari faoliyati, ularning jurnalist va blogerlar bilan hamkorligi darajasi tahlil qilindi, deyiladi matbuot kotibning Facebook`dagi sahifasida.

«Keyingi besh yilda mamlakatimizda butkul yangi — davlat idoralari va tashkilotlarining matbuot kotiblari instituti shakllangan bo‘lib, ularga keng vakolat va imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi. Endilikda ularning faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘zlari ishlayotgan tashkilotning ochiqligini ta’minlash va islohotlar natijasini aholiga yetkazishdagi rolini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, ayrim vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari sust ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi», — deyiladi xabarda.

Matbuot kotiblariga yuzlana turib Sherzod Asadov shunday dedi: «Ayrim tanqidlar, savollar ochiq qolayapti. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan tanqidiy materiallarga tezkor munosabat bildirish, aholiga to‘liq axborot berish shart. Bu bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirishimiz, hamkorlik vertikalini yaratishimiz kerak. Buning uchun prezident matbuot xizmati doimo ochiq».

Ta’kidlanishicha, muloqot davomida «prezident matbuot kotibi bilan davlat idoralari matbuot kotiblari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani yo‘lga qo‘yish mexanizmi kelishib olingan».

Tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari ayni vaqt prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari ham hisoblanadi. Unga davlat rahbarining faoliyatini yoritish masalasi bilan birga vazirlik va davlat idoralarining matbuot kotiblari faoliyatini ham muvofiqlashtirish vazifasi topshirilgan.