Andijonda fuqaro boshqa bir fuqaroning yaqin tanishlarini xalq ta’limida attestatsiyadan o‘tkazish, 3 nafar tanishini maktab direktori va direktor o‘rinbosari lavozimlariga tayinlash masalasini hal qila olishini aytgan. Bu Bosh prokuratura huzuridagi departament va DXX Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ma’lum bo‘ldi.

Fuqaro yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali mazkur masalalarni ijobiy hal qilib berishi evaziga 8400 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Video lavhadan fuqaro o‘z aybiga iqror bo‘lganini ko‘rish mumkin. «Qilgan ishimdan pushaymonman», — dedi u.

U mazkur pullarning bir qismini Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘iga olib borishi lozimligini qo‘shimcha qilgan.

Shundan so‘ng, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tezkor tadbirni davom ettirgan. Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i yuqoridagi masalalarni ijobiy hal qilish evaziga undan 900 dollarni olganida qo‘lga olingan.

XTB boshlig‘iga nisbatan JKning 210-moddasi (Pora olish), fuqaroga nisbatan esa 168- (Firibgarlik), 28- (Jinoyat ishtirokchilarining turlari), 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.