5 aprel kuni O‘zbekistonning 726 ta mahallasida ayollar, bolalar va uy xo‘jaliklarining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi to‘g‘risida muhim ma’lumotlarni yig‘ish boshlandi. Ushbu tadqiqot uy xo‘jaliklari bilan so‘rovnoma o‘tkazishga asoslangan Multiindikator klster kuzatuvlari bo‘lib, MICS deb ataladi.

YUNISEFning Toshkentdagi vakolatxonasidan xabar qilinishicha, o‘rganishlar 31 iyulga qadar davom etadi. Hukumat va o‘rganishda qatnashayotgan hamkorlar aholini «ma’lumotlarni yig‘ayotgan tadqiqotchilar uchun o‘z uylarining eshiklarini ochishga» chaqirdi.

To‘plangan ma’lumotlar va ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi taraqqiyotini kuzatish uchun muhim bo‘ladi va xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiritiladi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, ular ijtimoiy xizmatlar sohasida qarorlar qabul qilish, milliy siyosatni, rivojlanish va xizmat ko‘rsatish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun ham zarurdir.

MICS Davlat statistika qo‘mitasi va YUNICYeF tomonidan amalga oshirilmoqda. Avval MICS O‘zbekistonda 2006 yilda o‘tkazilgan edi.

So‘nggi yigirma yil ichida 100 dan ortiq mamlakatlarda bolalar va ayollar farovonligining asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish va ularning hayotini yaxshilashga qaratilgan siyosatni shakllantirishga yordam berish uchun 300 dan ortiq MICS tadqiqotlari o‘tkazildi.