Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari hisobidan ajratilgan 671,3 mlrd so‘mlik mablag‘lar noqonuniy xarajatlar, kamomad va o‘zlashtirishlar hamda samarasiz xarajatlar, 1 trln so‘mdan ortiq xarajatlarni optimallashtirish imkoniyatlari aniqlangan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi Hisob palatasining 2020 yilgi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘lar sarflanishi ustidan Moliya vazirligi bilan hamkorlikda doimiy nazorat o‘rnatilib, aniqlangan 23,8 mlrd so‘mlik kamomad va noqonuniy xarajatlar hamda ortiqcha moliyalashtirilgan 8,4 mlrd so‘m mablag‘lar jamg‘armaga qaytarilgan.

Shu bilan birga, Halq ta’limi vazirligi muassasalarida 192,2 mlrd so‘mlik moliyaviy xato, kamchiliklar va o‘zlashtirishlar aniqlangan. Jumladan, Beruniy tumanidagi 420 mln so‘mga qurilib foydalanishga qabul qilinganligi ko‘rsatilgan 58-maktab filialida umuman qurilish bo‘lmaganligi aniqlangan.

Muhokamalarda, shuningdek, hisobotda keltirilgan xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarda muammolar mavjudligiga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, davlat tashqi qarz mablag‘larini jalb qilgan holda 2010−2019 yillarda yakunlangan umumiy qiymati 12,6 mlrd dollarlik 81 ta loyihalarning 24 tasida xato va kamchiliklar aniqlangan.

Ayrim loyihalar yillab kechiktirilgan, shuningdek, loyihada ko‘zda tutilgan maqsadlar doimiy o‘zgartirilgan yoki sifatsiz asbob-uskuna va jihozlar qimmat narxlarda sotib olinganligi, ba’zi loyihalarning samaradorlik ko‘rsatkichlari o‘ta past darajada hamda loyiha mablag‘lari talon-toroj qilinib o‘zlashtirilganligi aytib o‘tildi.