Qashqadaryo viloyatida GTL (gas to liquid) texnologiyasi asosida sun’iy yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodini avgust oyida ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi ma’luomtlar «O‘zbekneftgaz» kompaniyasining xalqaro sanoat ko‘rgazmasidagi stendiga taqdim etildi.

Xolding ma’lumotlariga ko‘ra, aprelda zavodda gazni sintez qilish uskunasi, may oyida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish uskunasi, iyunda — havoni ajratish qurilmasi ishga tushiriladi, avgustda esa mahsulotlarni ishlab chiqarish boshlanadi.

«O‘zbekneftgaz» vakili zavoddagi ishlab chiqarishni boshlash muddatlari COVID-19 koronavirusi pandemiyasi sababli o‘zgarganini ta’kidladi.

Ko‘rgazmaga taqdim etilgan «O‘zbekneftgaz» ma’lumotlariga ko‘ra, zavodda yiliga 3,6 mlrd kub metr gaz qayta ishlanib, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 307 ming tonna aviakerosin, 437 ming tonna naft (neftni haydashdan olinadigan modda) va 53 ming tonna siqilgan gaz ishlab chiqariladi.

Zavodning texnologik qismi Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering & Construction kompaniyasi tomonidan barpo etilgan bo‘lsa, Janubiy Afrikaning Sasol kompaniyasi mahsulotlar litsenziari, Daniyaning Haldor Topsoe kompaniyasi esa sintez gaz ishlab chiqarish texnologiyalarining yetkazib beruvchisi sanaladi. Loyihaning umumiy qiymati 3,6 mlrd dollarni tashkil etib, uning 1,3 mlrd dollari «O‘zbekneftgaz»ning shaxsiy resurslari, 2,3 mlrd dollari esa «Gazprombank», «Roseksimbank» va Rossiya eksport kreditlari sug‘urtasi agentligini o‘z ichiga olgan xalqaro moliyaviy konsorsium mablag‘lari hisoblanadi.