6 aprel kuni kechqurun Andijon va Namangan viloyatlari aholisi O‘zbekiston osmonida yorqin chaqnoqqa guvoh bo‘lishdi. Hodisa aks etgan videoyozuvlar mahalliy Telegram-kanallarida tarqaldi.

Xuddi shu hodisa Qirg‘iziston osmonida ham kuzatildi, Bishkek va Chuy viloyati aholisi noma’lum ob’ektning qulaganini qayd etishdi, deya xabar berdi 24.kg sayti.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti direktori o‘rinbosari Yusufjon Tillayev hodisa yuzasidan «Gazeta.uz»ga izoh berdi.

«Ikki taxmin bor. Birinchisi — bu kosmik chiqindi, kosmik kemaning o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan qismi. Ikkinchi taxminga ko‘ra, bu — kosmik jism, asteroid parchasi bo‘lib, kecha bolid ko‘rinishida namoyon bo‘ldi», — dedi Yusufjon Tillayev.

Direktor o‘rinbosari ayni paytda institut mutaxassislari mazkur hodisa sabablarini o‘rganish ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi. «Umid qilamanki, tez orada biz uning nima ekanini aniqlaymiz», — deya qo‘shimcha qildi olim.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati osmondan ob’ekt tushishi bilan bog‘liq qandaydir vayronagarchiliklar to‘g‘risida axborot kelib tushmaganini xabar qildi.