Yaqin Sharqda 50 mlrd tup daraxt ekiladi

Saudiya Arabistoni mintaqada 50 mlrd tup daraxt ekish orqali Yaqin Sharqdagi yerlarni gullab-yashnayotgan o‘rmonlarga aylantirmoqchi. Hukumat, shuningdek, karbonat angidrid (SO2) chiqindilarini kamaytirish, cho‘llashishni to‘xtatish hamda gaz va neft qazib olishning barqaror usullariga o‘tishga intilmoqda. “Qirolligimiz dunyodagi yetakchi neft ishlab chiqaruvchisi sifatida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengish uchun o‘z zimmasidagi mas’uliyatni tan oladi va yashil dunyoni yaratishda global yetakchiga aylanishga intiladi”, dedi valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon.

Mart oyi oxirida u ikkita yo‘l xaritasini taqdim etdi — Saudiya Arabistonining Yashil tashabbusi va Yaqin Sharqning Yashil tashabbusi. Ikkala dastur ham mamlakatni modernizatsiya qilish bo‘yicha “2030 yilga nazar” strategiyasining bir qismidir. Ularning asosiy vazifasi nafaqat qirollikda, balki butun mintaqada CO2 chiqindilarini kamaytirish, yerlarni qayta tiklash va daraxtlarni ekish kampaniyasini o‘z ichiga olgan yashil siyosatga o‘tishni ta’minlashdir.

“2030 yilga nazar” strategiyasiga ko‘ra:

Saudiya Arabistoni uchun reja:
Yaqin Sharq uchun reja:
10 mlrd tup daraxt ekish
40 mlrd tup daraxt ekish
40 mln gektar yerni tiklash
200 mln gektar yerni tiklash
Qayta tiklanadigan manbalardan 50 foiz energiya ishlab chiqarish
CO2 chiqindilarini 60 foizga kamaytirish
2030 yilgacha SO2 chiqindilarini 130 mln tonnaga kamaytirishga erishish

Qum bo‘ronlaridan yillik yo‘qotishlar 13 mlrd dollarni tashkil qiladi va havoning zararli gazlar bilan ifloslanishi Saudiya Arabistonida o‘rtacha umr ko‘rishni 1,5 yilga qisqartirgan, dedi Muhammad bin Salmon. Ushbu dasturda, shuningdek, Qatar, Kuvayt, Bahrayn, Iroq va Sudanning ishtirok etishi aytilmoqda. — TASS.


Erdog‘an Turkiya Istanbul kanali qurilishidan voz kechmasligini ta’kidladi

Turkiya har qanday sharoitda ham Qora va Marmara dengizlarini bog‘laydigan yangi harakatlanuvchi arteriya bo‘lishga mo‘ljallangan Istanbul kanali loyihasini amalga oshirishdan voz kechmaydi. Bu haqda 7 fevral kuni Turkiya prezidenti Tayyip Erdog‘an ma’lum qildi. “Kim nimani xohlashini yoki xohlamasligidan qat’i nazar, biz boshlaymiz va biz xalqimizga xizmat qiladigan Istanbul kanalini yaratamiz”, dedi Turkiya rahbari. Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Montryo konvensiyasini qo‘llab-quvvatlagan iste’fodagi admirallarning ochiq xati nashr etilishi ortida asosiy muxolifatdagi Respublikachilar Xalq partiyasi (RHP) turganini da’vo qildi. “[Ro‘yxatdan o‘tgan admirallar orasida RHP a’zolari, shuningdek, uning rahbarligida bo‘lganlar ham bor. Ular to‘ntarishga o‘xshash ushbu hujjatni qandaydir tarzda oqlashga urinmoqdalar”, dedi mamlakat prezidenti. — Anadolu.


Kim Chen In KXDRdagi hozirgi vaziyatni eng yomon deb atadi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In KXDRdagi vaziyat har qachongidan ham yomonroq bo‘lganini tan oldi. Shimoliy Koreya rahbari partiyaning quyi qatorlarini noma’lum “kamchiliklar” uchun tanqid qildi va partiya barqaror va sog‘lom rivojlanishi uchun ularni zudlik bilan tuzatishga chaqirdi. KXDRdagi quyi partiya “hujayralari” tarkibiga beshdan 30 tagacha odam kiradi. Bu fabrikalarda va boshqa joylarda ishlashni nazorat qiluvchi partiyaning eng kichik bo‘linmalari. Mutaxassislarining fikricha, pandemiyaning Shimoliy Koreya iqtisodiyotiga ta’siri, o‘nlab yillar davomida noto‘g‘ri boshqaruv va AQSH sanksiyalari KXDR rahbarini butun prezidentligi davrida eng qiyin ahvolga solib qo‘ydi. — Interfaks.


Efiopiyada jamoalararo to‘qnashuvda 100 dan ortiq odam halok bo‘ldi

So‘nggi besh kun ichida Efiopiya shimoli-sharqidagi Afar-Somali chegara hududidagi jamoalararo to‘qnashuvda 100 dan ortiq odam halok bo‘ldi. To‘qnashuvlar o‘tgan juma kuni (2 aprel) boshlangan va shu kungacha davom etmoqda, dedi politsiya boshlig‘ining o‘rinbosari Afar Ahmed Xummed. U zo‘ravonlikni qurolli guruhlarga yukladi. Boshqa manbaga ko‘ra, to‘qnashuvlar Sitti (Shinile) hududida sodir bo‘lmoqda. So‘nggi yigirma yil davomida u yerda yashovchi jamoalar yer, yaylov va suv resurslaridan foydalanish huquqlari bilan bahslashmoqdalar. — Reuters.


Yevropa Ittifoqi Myanma harbiylariga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llaydi

Yaqin orada Yevropa Ittifoqi Myanma harbiylariga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llaydi. Bu haqda Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian 6 aprel kuni Milliy assambleyada so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi. “Myanmada sodir bo‘layotgan voqealar bizni g‘azablantirdi. Mamlakatdagi vaziyat o‘sha paytdan beri tobora yomonlashib bormoqda, xususan, so‘nggi dam olish kunlari, o‘nlab namoyishchilar o‘ldirildi, bu 1 fevraldan beri harbiy xunta tomonidan o‘ldirilgan 550 kishining oldingi raqamiga qo‘shilishi kerak. Bu kamdan-kam miqyosda amalga oshirilgan shafqatsiz repressiyalar”, — dedi fransuz vaziri. “Xuddi shu tarzda, Fransiya va Yevropa Ittifoqi darajalarida ham Myanmadagi hukumat dasturlariga barcha yordamlar to‘xtatildi. Shu bilan birga, Fransiya hozirgi fojiali vaziyatda aholiga yordam ko‘rsatishni ta’minlash uchun tinch aholiga yordamini ko‘paytirmoqda va gumanitar birlashmalarni qo‘llab-quvvatlamoqda”, — deya qo‘shimcha qildi u. — TASS.

Bundan avval, bir qator davlatlarning Myanmadagi amaldagi hokimiyat organlariga qarshi sanksiya bosimini o‘tkazishga urinishlari o‘ta xavfli va mamlakatni fuqarolar urushiga olib boradi, deya ta’kidlagan edi Rossiya TIV.


Turkiyadagi muzokaralarda Yevropa Komissiyasi rahbariga stul berilmadi

Yevropa Komissiyasi (YeK) rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan birga 6 aprel kuni Anqaraga Turkiya prezidenti bilan muzokaralar uchun kelganida, unga stul berilmadi. Hodisa videoga olingan va Bryusselda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. “Yevropa komissiyasi raisi juda ajablandi va buni videoda ko‘rish mumkin. U aynan prezident Mishel va prezident Erdog‘an kabi o‘tirishi kerak edi”, dedi YeK vakili Erik Mamer. Unga ko‘ra, fon der Lyayen o‘z jamoasiga kelajakda bunday hodisa takrorlanmasligi uchun zarur choralarni ko‘rishni buyurdi. Shu bilan birga, u turk tomoni kechirim so‘raganmi yoki yo‘qmi degan savolga javob bermadi. — RIA Novosti.