Zamonaviy shahar — bu murakkab mexanizm. U ko‘plab ko‘chalar, binolar, mavzelar va dahalardan tashkil topgan. Shaharlarda maydonlar, bog‘lar va xiyobonlar bor. Kerakli joyni topish, yuklarni o‘z vaqtida yetkazib berish yoki kimdir xavf ostida bo‘lsa, unga yordam ko‘rsatishni osonlashtirish uchun bu joylarni qandaydir nom bilan atash zarur.

Aynan shuning uchun shaharlarga manzillar kerak. Aniqrog‘i, butun boshli manzillar reyestri. Toshkent shahar hokimligi Raqamli rivojlanish departamentining kartografiya va toponimika bo‘limi boshlig‘i Anvar Djabbarov «Gazeta.uz»ga poytaxt manzillarini o‘rganish va shahar manzillari bilan bog‘liq muammolar haqida gapirib berdi.

Raqamli rivojlanish departamenti nima?

«Raqamli rivojlanish departamenti» — bu Toshkent hokimligi huzuridagi tashkilotdir. Biz shahar rahbariyatiga aholi ishtirokida umumiy qarorlarni qabul qilish va odatiy jarayonlarni raqamlashtirishda yordam beruvchi vositalarni yaratamiz.

2020 yilda biz Toshkent manzillarining onlayn katalogini yaratish ustida ish olib bordik. U koronavirus pandemiyasi paytida ko‘ngillilarga muhtoj oilalar uchun oziq-ovqat yetkazib berishda yordam berdi.

Shuningdek, biz «Sog' Bo’ling» xizmatini ishga tushirdik, bu esa bemorlarga poytaxtdagi kasalxonalarda COVID-19dan davolanish sifatini baholash imkonini berdi.

Hozirgi paytdagi so‘nggi loyihamiz Toshkent aholisiga shahardagi muammolar to‘g‘risida ochiq gapirishga imkon beruvchi «Xalq Nazorati» xizmatidir. Masalan, qo‘ng‘iroqlarga vaqt sarflamay, yo‘ldagi chuqurliklar yoki liftning buzilganligi haqida xabar berish mumkin. Shu bilan birga, murojaatlar fuqarolar bajarilgan ishdan qoniqmaguncha ochiq qoladi.

Hammasi ham biz xohlagandek amalga oshmadi. Ammo: umuman olganda: odamlar uchun Toshkentni biroz zamonaviylashtirish uchun bir nechta foydali xizmatlarni yaratishga muvaffaq bo‘ldik.

Biz Toshkentdagi manzillar bilan ham shunchaki shug‘ullanmaymiz: 2020 yil mart oyida prezident poytaxtda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Ushbu hujjatga muvofiq, Raqamli rivojlanish departamenti Toshkent uchun yagona manzillar reyestrini ishlab chiqishi kerak.

Manzillar reyestri nima?

Manzillar reyestri — u yoki bu ob’ekt joylashgan joy haqidagi ma’lumotlar: turar-joy binosi, ofis binosi yoki masalan, zavod bo‘yicha. Har bir ob’ektning manzilida pochta indeksi, mamlakat, shahar va tuman nomi, ko‘cha va uy to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, ob’ektni xaritadagi aniq joyga bog‘lovchi geolokatsiya ko‘rsatilishi kerak.


Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Manzilni shakllantirishning ushbu tartibi 2018 yilda Vazirlar Mahkamasining ko‘chmas mulk manzillarining yagona reyestrini shakllantirish va yuritish to‘g‘risidagi qarori bilan tasdiqlangan.

Bunday reyestrni yaratish ustida ishlashni boshlash uchun shahrimiz manzillari hozirda qanday holatda ekanligini tushunishimiz kerak edi. Shu maqsadda biz tadqiqot o‘tkazdik.

Arxivlar, kashfiyotlar va dastlabki muammolar

Biz o‘z ishimizni arxivlardagi qidiruvlardan boshladik. Qidiruv muvaffaqiyatli o‘tdi: hattoki 1860-yillardagi Toshkent ko‘chalari va mahallalarining eski nomlari arxiv ma’lumotlari ham topildi. Shuningdek, biz Toshkentning 1978, 1992 va 2005-yillardagi topografik rejalarini topdik. Hammasi bo‘lib biz 1000 dan ortiq arxiv hujjatlarini raqamlashtirdik va o‘rganib chiqdik.

Arxivlarni zamonaviy xaritalar bilan taqqoslash natijasida biz ko‘plab muammolarni topdik. Ulardan biri Toshkentda qurilish ishlarining o‘sish sur’ati bilan bog‘liq. 2019 yilda poytaxtda 450dan ortiq ko‘p qavatli uylar qurildi. 2020 yilda — 140dan ortiq.


Foto: Zuma Mirzaliyeva / «Gazeta.uz»

Yangi turar-joy binolari va boshqa binolar ko‘chalar va mavzelarni tashkil etadi. Ko‘chalar va mavzelar esa geografik ob’ektlardir. Har bir shunday ob’ektga nom berilishi, ular ekspertizadan o‘tkazilishi va Geografik ob’ektlar nomlarining davlat reyestriga kiritilishi kerak.

Bu ish bilan Geografik ob’ektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish bo‘yicha komissiyaning tuman va shahar bo‘linmalari shug‘ullanishi kerak. Ammo komissiyadagi jarayonlar tegishli darajada tashkil etilmagan.

Bundan tashqari, Toshkentda va uning tumanlarida geografik ob’ektlarning hisobini to‘g‘ri yuritish uchun mas’ul bo‘lgan doimiy ishlovchi xodim yo‘q. Odatda, bu ishlar bilan komissiya hududiy bo‘linmalarining kotiblari shug‘ullanadi, ular esa qaydlarni to‘g‘ri yurita olmaydi, chunki qaydlarni yuritish uchun zaruriy reglament mavjud emas.

Geografik ob’ektlar nomlarining hisobtini yuritish zarur, zero bu geografik ob’ektlarga — ko‘chalarga, tor ko‘chalarga, bog‘larga bir aholi punktida aynan bir xil nom berilishining oldini oladi.

Manzillar hisobining yuritilmasligi sababli shaharda bir xil nomdagi ko‘chalar paydo bo‘lyapti. Masalan, Maxtumquli ko‘chasi: shu nomdagi ko‘chaнинг biri Shayxontohur tumanida, ikkinchisi Yashnobod tumaniда joylashgan. Shayxontohur tumanidagi Sovxoznaya ko‘chasining nomi 1960-yilda Maxtumquli deb o‘zgartirildi. Ammo keyinchalik shu nom boshqa ko‘chaga ham berildi. Hozirda Toshkentda bir xil nomdagi 20 dan ortiq joy va yuzlab bir xil manzillar mavjud.

Byudjet bo‘yicha ham ahvol ko‘ngildagidek emas. Binolarga ko‘cha nomi va raqam belgilarini (ko‘cha peshtoqlarini) o‘rnatish Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi. Boshqarma bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda 30 mingdan ortiq binolarning 18 mingdan ziyodiga ko‘cha peshtoqlari o‘rnatilgan. Hozir Toshkentda yana 12 237 ta ko‘cha пештоқlarини o‘rnatish lozim. Buning uchun deyarli 430 million so‘m ajratish kerak. Ammo 2020 yilda ko‘cha peshtoqlari uchun atigi 14 million so‘m ajratildi — bu zarur bo‘lgan pul miqdoridan 30 baravar kam.


Bularning barchasi shahardagi ko‘plab binolarning umuman belgisiz qolishiga olib keldi. Buni Toshkent shahar hokimligining telegram-kanalida e’lon qilgan so‘rovnoma ham tasdiqlaydi. Respondentlarning yarmidan ko‘pi ko‘chalarida hech qanday belgilar yo‘qligini aytgan. Tadqiqotlarimiz davomida ba’zi uylarda Sovet davridagi ko‘cha peshtoqlari osilib turganini ham aniqladik.

Buning oqibatida ko‘p ob’ektlar umuman nomlanmay qolmoqda. Poytaxtimizda 200 dan ortiq shunday ob’ektlar mavjud. Masalan, Sergeli tumanida oddiygina «10-qurilish maydonchasi» deb nomlangan joy bor. U yerdan uy-joy sotib olgan fuqarolar kadastrlarida ko‘chaning nomi o‘rniga qurilish maydonchasining raqami ko‘rsatilgan. Hanuzgacha ushbu ko‘chalarga nom berish to‘g‘risida rasmiy hujjat yo‘q.


Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Ikkinchi tomondan, ko‘plab ob’ektlar amaldagi qoidalarga rioya qilinmasdan nomlanadi. Masalan, Toshkent shahrining Uchtepa tumanida Izza ko‘chasi mavjud. Ko‘cha bo‘ylab yangi mahallalar paydo bo‘ldi, ularning ko‘chalari ham Izza deb nomlandi. Bu noto‘g‘ri, chunki bu holat hukumatning tegishli qarori bilan belgilangan manzillarni berish tartibiga xilofdir.

Unga ko‘ra ko‘chmas mulk ko‘chada joylashgan joyiga qarab raqamlanadi. Ko‘chalar esa turli yo‘nalishlarda bo‘ladi: radial, halqa ko‘chalari. Bundan tashqari, mavzelardagi yoki perimetrni tashkil etuvchi maydonlar ichidagi uylarni raqamlash tartibi mavjud. Bunday nozik jihatlar talaygina.

Mazkur jihatlarga amal qilmaslik Toshkent aholisi uchun boshqa, yanada jiddiy va hatto xavfli qiyinchiliklarni keltirib chiqaruvchi muammolarga olib keladi.

Shryodinger bazasi

Hozir Toshkentda qandaydir manzillar bazasi bor, ammo ular xuddi yo‘qdek. Geografik ob’ektlar nomlari davlat reyestrida bitta baza, Davlat soliq qo‘mitasi qoshidagi Kadastr agentligida boshqa baza mavjud, Toshkent shahrini obodonlashtirish bosh boshqarmasining bazasining esa yarmi umuman bo‘sh.

Masalan, Davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda 1408 ko‘cha mavjud. Kadastr agentligi bazasida esa ko‘chalar 1907 ta deb ko‘rsatilgan. Ko‘chalarni obodonlashtirish boshqarmasi bazasiga ko‘ra ko‘chalar soni 1523 ta.

Yagona manzillar reyestrining yo‘qligi hukumatga ham, aholiga ham, biznesga ham xalaqit beradi. Hamma adashadi: tez yordam mashinalaridan tortib, kurerlargacha. Shu bilan birga, mutlaqo hammaga manzillarning aniq ma’lumotlari bazasi kerak.

Bazan ob’ektlarning turlari o‘zgartirilishining sabablari tushuntirilmaydi. Masalan, Islom Karimov ko‘chasi ba’zi hujjatlarda ko‘cha, boshqalarida esa shoh ko‘cha deb belgilangan. Aslida bu nima — shoh ko‘chami yoki ko‘cha — tushunarsiz.

Bundan tashqari, shoh ko‘cha nima ekanligi va uning ko‘chadan qanday farq qilishini belgilaydigan hech qanday hujjat yo‘q. Ehtimol, bizning departament bunday hujjatni ishlab chiqish tashabbusini ko‘tarib chiqishi mumkin.

Tarjimadagi muammolar

Ilgari barcha xaritalar va ma’lumotlar bazalari rus tilida bo‘lardi. Keyin ularni tarjima qilishga to‘g‘ri keldi. Natijada, ayrim ob’ektlarning nomlari o‘zbek tiliga noto‘g‘ri tarjima qilingan.

Masalan, Mirobod tumanida Fayziobod ko‘chasida muyulish ko‘chalar bor. Bu ko‘chalarni «pereulok» deb hali sovet davrida atashgan. Ba’zi hujjatlarda «pereulok» so‘zi o‘zbek tiliga «tor ko‘cha» deb tarjima qilingan. «Tor ko‘cha» «proyezd» so‘zining tarjimasi sifatida ham ishlatiladi — shu ma’noda u kundalik hayotda o‘rnashib qolgan. Natijada, Fayziobod ko‘chasida bir xil raqamli ikkita «proyezd» — «tor ko‘cha» bor.


Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Biz Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mutaxassislaridan «pereulok» so‘zini o‘zbek tiliga qanday tarjima qilish kerakligi haqida so‘radik. Ma’lum bo‘lishicha, «pereulok» «muyulishli ko‘cha», «proyezd» esa «tutashtirma» deb tarjima qilinishi kerak ekan.

Nima uchun «proyezd» «tor ko‘cha» deb tarjima qilinganini bilmaymiz. Ammo to‘g‘ri tarjima kundalik nutqimizga kira olishi dargumon, shuning uchun biz Toshkentdagi aholi punktlarining geografik ob’ektlari turlariga «tor ko‘cha» ma’nosini «proyezd"lar uchun kiritishni taklif qildik.

Bugungi «tor ko‘cha"larning barchasi ham Sovet davrida «pereulok» deb atalmagan. Ko‘p joylarda «tor ko‘cha"lar «tor ko‘cha"ligicha qolgan. Ammo to‘g‘ri tarjimaga qaramay, haligacha muammolar kelib chiqadi. Chunki, ko‘cha nomini o‘zgartirib, ushbu ko‘chaning tor ko‘chalarining nomini o‘zgartirishni unutishadi.

Yashnobod tumanining Maxtumquli ko‘chasiga qaytsak. 2005 yilgacha u Hamza, undan oldinroq — Mirzamahmud Musaxanov deb nomlangan. 2005 yilda ko‘cha nomi Pahlavon Mahmud nomiga o‘zgartirildi. Bu ko‘chaning barcha tor ko‘chalarini qayta nomlashni unutishdi va ularning eski nomlarini o‘zgartirishsiz qoldirishdi — Hamza 1-tor ko‘chasi, Hamza 2-tor ko‘chasi.

Natijada, ko‘cha va uning tor ko‘chalarining nomlari turlicha. Bunday bo‘lmasligi kerak.

Sarhadsiz shahar

Toshkent geografik ob’ektlarining yana bir muammosi — bu ularning chegarasi yo‘qligi. Masalan, Qorasaroy ko‘chasi qayerda tugab, Tarix ko‘chasi qayerdan boshlanishi tushunarsiz.

Agar biz kartografik materiallarga murojaat qilsak, turli yillarda chegaralar turlicha belgilanganligini ko‘ramiz.

Ob’ektlarning chegaralarini aniq belgilovchi hech qanday hujjat yo‘q. Ko‘chalar bir-biriga kirib ketadi, kesishadi, takrorlanadi va yana barchani chalg‘itadi.

Nima uchun bularning barchasi shunchalik muhim?

Chunki bu xavfli. Misol: shaharda manzili «Latofat ko‘chasi, 14-uy» bo‘lgan ikkita ob’ekt mavjud. Ular shaharning qarama-qarshi nuqtalarida joylashgan. Agar ushbu uylardan biriда yashovchi fuqaroga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish kerak bo‘lsa va u tez yordam chaqirsa, tibbiy yordam xodimlari aynan qaysi bir lokatsiyaga borish kerakligi borasida fol ochishlariga to‘g‘ri keladi.

Uzoq vaqt davomida aniq qayerga kelishni tushuntirishga odamning imkoni bo‘lmasligi mumkin. U bunga majbur ham emas, axir tibbiy xodimlarning o‘z vaqtida yetib borishlari ortiqcha tushuntirishlar va ko‘rsatmalar talab qilmasligi uchun shaharning manzillar reyestri tartibda bo‘lishi shart.

Avgiyev otxonalari

Bularning barchasini qanday tuzatish mumkin? Birinchi navbatda shahar geografik ob’ektlarining nomlarini tartibga solish uchun ishchi guruh tuzish kerak. Guruh tarkibi shunchaki mansabdor shaxslardan emas, balki olimlar — me’morlar, toponimistlar, geograflar, tarixchilar va tilshunoslardan iborat bo‘lishi zarur.

Hokimning qarori bilan bunday guruh 2021 yil fevralda tuzildi. Ishchi guruh Bektemir va Mirobod tumanlaridagi ob’ektlar inventarizatsiyasini o‘tkazdi. Guruh davlat reyestrida bo‘lmagan yangi ob’ektlarni topdi. Bundan tashqari, davlat reyestridagi ba’zi ob’ektlar aslida mavjud emasligi aniqlandi. Ushbu maqola e’lon qilingan vaqtga qadar guruh tomonidan 600 ta ob’ekt tekshirilgan. Umuman olganda esa shaharda hali 5000 dan ortiq ob’ektlarni tekshirish kerak.


Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Bundan tashqari, shahardagi geografik ob’ektlarni nomlashda ishlatilishi mumkin bo‘lgan nom turlarini aniq belgilash, adashtiradigan va chalkashtiradigan turlarni olib tashlash kerak.

Hozirda bunday ro‘yxat mavjud emas, shuning uchun agar kimda-kim poytaxtdagi biror bir yo‘lni magistral yoki avtoban deb atash g‘oyasini ilgari sursa, bu qanchalik mantiqsiz bo‘lmasin, shunday yo‘l tutiladi, axir buni ta’qiqlovchi hujjatning o‘zi yo‘q.

Shuningdek, Toshkentda kichik shaharchalar — tibbiyot shaharchasi, talabalar shaharchasi, ishchi shaharchasi mavjud — ammo amaldagi qonunchilikka binoan shahar ichida shaharchalar bo‘lishi mumkin emas. Agar shahar aholisi hududni «Vuzgorodok» deb atashga odatlangan bo‘lsa, unda bu nom atoqli nomga aylanishi mumkin, ammo geografik ob’ektning turi o‘zgaradi.

Kelajakda Toshkentda magistral yo‘llar paydo bo‘lmasligi uchun biz Xalq deputatlari shahar kengashiga Toshkentning tarkibiy qismlariga oid bo‘lgan geografik ob’ektlarning turlari ro‘yxatini tasdiqlashni taklif qildik.

Ushbu ro‘yxatga shoh ko‘chalar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, berk ko‘chalar, mavzelar va maydonlar kiritilishi mumkin. Bu mahallalar, bog‘ yoki xiyobonlar bo‘lmaydi degani emas. Bog‘ va xiyobonlar geografik ob’ektlar sifatida qoladi. Biroq, manzilni shakllantiruvchi element sifatida ular reyestrda qatnashmaydi. Masalan, «Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, „G‘afur G‘ulom“ bog‘i, 1-uy» manzili bo‘lmaydi. Aslida, bog‘lar va xiyobonlarning o‘zi ko‘chalar yoki mavzelarga bog‘langan, shuning uchun biz ulardan manzil elementlari sifatida foydalanmaslikka qaror qildik.

Mahallalar esa hududiy xususiyatga ega va ularning mavjud chegaralari doirasida mulkni to‘g‘ri raqamlash imkonini bermaydi.


Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Bundan tashqari, barcha ob’ektlarning chegaralarini belgilash va nom berilmagan ko‘chalarga va mavzelarga nom berish lozim. Bu birinchi navbatda yangi tashkil etilgan hududlarga taalluqlidir.

Va eng muhimi — ko‘pchilik «tor ko‘cha"larni ko‘chalarga o‘zgartirishdir. Shunchaki bizga «tor ko‘cha» so‘zi yoqmagani uchungina emas, balki ko‘pgina tor ko‘chalar ilgari ko‘chalar bo‘lgani uchun ham buni amalga oshirish kerak.

Ushbu muammolarning barchasi o‘z yechimini topganda aholining ham, davlatning ham shaharda o‘z manzilini topishi va oson harakatlanishi uchun yagona manzillar reyestrini tuzish mumkin bo‘ladi.

Pirovard natija

Ha, Toshkentda manzillar bilan bog‘liq muammolar juda ko‘p, ammo bir jihat xursand qiladi — ularning bari hal qilinishi mumkin bo‘lgan muammolardir. Biz Raqamli rivojlanish departamenti xodimlari poytaxt aholisi uchun manzillarimiz tartibga solinishi juda muhimligiga aminmiz. Sizning mazkur masalaga e’tibor berishingiz bizning ishimizga va mavjud vaziyatni yaxshilashimizga yordam beradi.

Bir necha yil ichida Toshkentda «tor ko‘cha"lar kamayib, ko‘chalar soni oshishi va nihoyat, sog‘lom odamning manzillar reyestri paydo bo‘lishi ustida ish olib bormoqdamiz.