6 aprel kuni Qonunchilik palatasida navbatdagi «Hukumat soati» bo‘lib o‘tdi. Unda transport vaziri Ilhom Mahkamov avtomobil yo‘llarining bugungi kundagi holati, loyihalashtirish va qurish borasidagi ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Ta’kidlashicha, hozirgi kunda avtomobil yo‘llarining 3993 km (9 foizi) xalqaro, 14 203 km (33 foizi) davlat hamda 24 673 km (58 foizi) mahalliy ahamiyatdagi yo‘llar hisoblanadi.

Hisobotdan so‘ng, deputat Doniyor G‘aniyev mablag‘larning maqsadli sarflanishi bilan qiziqdi. «Ming afsuski, Hukumat tomonidan birgina, mana shu yo‘llarning o‘ziga 1 mlrd 600 mln dollarga yaqin tashqi qarz mablag‘lari jalb qilinishiga qaramasdan, hali yo‘llarimizni ta’mirlashga ehtiyoj kuzatilmoqda. Bundan tashqari, aynan mana shu tashqi qarz hisobiga moliyalashgan loyihalarda, afsuski, juda ko‘plab kechikishlar va qonunbuzilishlar uchrab turibdi», — dedi u.

Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, Islom taraqqiyot bankining 125 mln dollar mablag‘i hisobiga M39 Toshkent-Termiz yo‘nalishida 97 kmga yaqin yo‘lni ta’mirlash ishlarini 2014 yilda yakunlash belgilangan. Shunga qaramay, qurish ishlari 5 yilga cho‘zilib ketgan. Bunga materiallarni yetkazib berishdagi kamchiliklar sabab qilib ko‘rsatilgan.

Deputatning aytishicha, A373 yo‘lidagi 3 km yo‘l ham 2020 yil yakuniga qadar ta’mirlanishi belgilangan. Biroq bu hanuz yakunlanmagan, axborotlarda esa 2021 yil oxirigacha tugatish qayd etilmoqda.

«Jahon bankining axborotida aynan loyihalarni muddati cho‘zilishi bu ularni amalga oshirishda korrupsiyaning bir belgisi sifatida ko‘rish mumkinligi qayd etilgan. Qolaversa, Transparency international`ning korrupsiyaga oid indeksini olsak, qurilish sohasi, jumladan, yo‘l qurilishi dunyoda eng korrupsiyalashgan sohalardan biri sifatida keltirilgan. Jahon bankining taxminicha, rivojlanayotgan davlatlarda o‘rtacha 10 foiz korrupsiya bo‘layotgan bo‘lsa, yo‘l qurilishidagi korrupsiya ko‘rsatkichi 35 foizgacha borishi mumkin», — dedi G‘aniyev.

Mazkur ma’lumotlardan kelib chiqib, deputat quyidagi savollar bilan murojaat qildi:

  • Bugungi kunda O‘zbekistonda yo‘l qurilishi sohasida amalga oshirilgan va bajarilayotgan loyihalarda korrupsiya darajasi necha foiz deb o‘ylaysiz?
  • Loyihalarning belgilangan muddatlardan cho‘zilib ketishi yoki korrupsiya holati bo‘masligi uchun vazirlik va qo‘mitada qanday ishlar amalga oshirilgan?
  • Jahonda yo‘l qurilishidagi korrupsiyaning asosiy indekatorlaridan biri bu o‘rtacha 4 tasmali yo‘l qurilishi narxi ekan. O‘zbekistonda 4 tasmali 1 km yo‘l qurish va rekonstruksiya qilishning o‘rtacha narxi qancha?

«Dunyoviy qaraganda yo‘l sohasida korrupsiya belgilari, omillari bo‘lishi mumkin. Bor, biz bu narsani inkor qilmoqchi emasmiz. Men foiz darajasida aytib bera olmayman, solishtiradigan belgilar va ko‘rsatkichlarim yo‘q. Tizim hozir shunaqa yaratilyaptiki, vazirlikda ham, qo‘mitada ham kompleans nazoratni amalga oshirib, alohida xizmatni yaratganmiz», — dedi transport vaziri.

Ilhom Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, «korrupsiyaning oldini olish maqsadida qanaqadir texnologiya yoki yangi yo‘nalishlar ishlab chiqarilgani yo‘q. Buning o‘zini fizik nazorat tizimi mavjud».

«Ya’ni, loyiha oldi, loyihalashtirish, tenderlarda g‘oliblarni aniqlagandan keyin ularni baholash tizimida hamda pudrat tashkilotlarining har bir ish jarayonini texnik nazorat tizimini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratmoqchimiz. Korrupsiya profilaktikasi va xavfining oldini olish tizimini yaratmoqchimiz», — dedi vazir.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov (markazda) va Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev (o‘ngda). Foto: Videodan lavha.

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev yo‘llarning qurilish va rekonstruksiyasi narxi bo‘yicha ma’lumot berdi.

«Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi eng qimmat yo‘l Gulistonda 3 km — 1 kmni 950 ming dollarga [hisobotda noaniqlik bo‘lgani bois, Transport vazirligi matbuot xizmatidan aniqlashtirildi — tahr.] qurganmiz. O‘zbekiston narxlariga ko‘ra, eng qimmat yo‘l o‘tish yo‘laklari, lotoklari va boshqalari bilan 10 mlrd so‘m narxida bo‘ladi. Lekin dunyoda bunaqa summada hech kim yo‘l qurmaydi. Misol uchun internetga qidiruvga bersangiz, eng kami Turkiyada 2 mln dollardan tepaga qarab chiqadi», — dedi u.

U hozirda O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishlayotgan Turkiya loyihalashtirish kompaniyasining narxlarini misol tariqasida keltirdi.

«Yuksalish Project kompaniyasida Toshkent halqa yo‘lini loyihasini qilish 5 mln 700 ming dollar turadi. Bizni ikkita institutimiz (Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va eksplutatsiyasi instituti va „O‘zyo‘lloyiha“ loyiha-qidiruv instituti DUK — tahr.) ishlaydi. Bittasida 300 nafar, ikkinchisida 200 nafar xodim bor. Shundagi hamma loyihachilarga bir yilga 5 mln dollar harajat qilinadi», — dedi Abdurahmon Abduvaliyev.