O‘zbekiston Moliya vazirligi, «O‘ztransgaz», VEB.RF, Rossiyaning eksport kreditlari va investitsiyalarini sug‘urtalash agentligi va «Gazprombank» O‘zbekistonda gaz transport tizimini modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi, deb «Gazeta.uz» ga VEB.RF matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar 618 mln dollargacha sindikatlangan kredit tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqadilar.

«VEB.RF Rossiya neft mahsulotlarini O‘zbekistonning neft va gaz sohasida targ‘ib qilish uchun sharoit yaratmoqda. Sindikatlangan kredit miqdorining kamida 50 foizi Rossiya mahsulot va xizmatlarining eksport to‘lovlari uchun sarflanadi», — dedi VEB.RF raisi o‘rinbosari, boshqaruv a’zosi Daniil Algulyan.

2020 yil dekabr oyida VEB.RF, «Gazprombank» va «O‘zbekneftgaz» O‘zbekistonda uglevodorod ishlab chiqarishni ko‘paytirish dasturining ikkinchi bosqichini moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olgan edilar. Tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida 2020 yil noyabr oyida kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va modernizatsiya qilish uchun Rossiya mahsulotlarini yetkazib berishni moliyalashtirishga 40 mln yevrogacha kredit shartnomasi imzolangan edi.