Oliy Majlisi Senatining mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi «qurol to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish» munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni ko‘rib chiqmoqda, deya ma’lum qildi senator Farhod Boqiyev.

Qonun 14 ta moddadan iborat bo‘lib, uning asosida 11 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Senatorning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi «Qurol to‘g‘risida"gi qonunda fuqarolik va xizmat quroli hamda o‘q-dorilar sohasida litsenziyalash va ruxsatnoma berish vakolati Milliy gvardiya organlariga yuklatilgan.

Biroq fuqarolik va xizmat quroli hamda o‘q-dorilarni saqlash qoidalariga rioya qilinishi ustidan nazorat, aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha chora ko‘rish esa ichki ishlar organlariga yuklatilgan.

Xorijiy davlatlarda qurol muomalasi sohasidagi munosabatlar, ya’ni litsenziyalash va ruxsatnoma berish hamda ularning talablariga rioya etilishini nazorat qilish vakolati yagona davlat organiga topshirilgan, deya qayd etdi Farhod Boqiyev.

Senator Farhod Boqiyev. Foto: Senat axborot xizmati.

«Shu sababli respublikamizda ham qurol sohasida litsenziya va ruxsatnoma berish hamda nazorat qilish funksiyalarini yagona davlat organiga o‘tkazish zaruriyati mavjud», — dedi senator.

Senatning mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi «Qurol to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingach, o‘qotar quroldan tashqari pnevmatik, gazli, signal beruvchi, tig‘li, uloqtirish quroli va elektroshok qurilmalariga egalik qilishga ruxsat berilganini ham eslatib o‘tdi. Biroq o‘qotar bo‘lmagan yuqorida ko‘rsatilgan qurollarga noqonuniy egalik qilish uchun qonunchilikda javobgarlik mavjud emas.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslarida faqatgina o‘qotar qurolni saqlash qoidalariga rioya qilmaslik va noqonuniy egalik qilish uchun javobgarlik belgilangan, xolos.

Senatorning ta’kidlashicha, 2020 yilda o‘qotar bo‘lmagan qurolga ruxsatnomasiz egalik qilish bilan bog‘liq aniqlangan 2 174 ta holat bo‘yicha shaxslarga javobgarlik choralari ko‘rish uchun huquqiy asos bo‘lmagan.

«Bu esa o‘qotar bo‘lmagan qurollar bilan fuqarolar o‘rtasida „erkin muomala qilish“ vaziyatining shakllanishiga imkon yaratmoqda. Sodda qilib aytganda, o‘qotar bo‘lmagan qurolga noqonuniy egalik qilish, ya’ni uyda saqlash, ko‘cha-ko‘yda olib yurish, ta’lim muassasalariga olib borish va hokazo holatlarda qurol egasi undan turli jinoiy maqsadlarda foydalanmasligiga „kafolat“ yo‘q», — deya hisoblamoqda Boqiyev.

Senator ayni shu sababli qonunchilikdagi mazkur «huquqiy bo‘shliq»ni to‘ldirish maqsadida qo‘yidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilayotganini aytdi:

  • birinchidan, qurol va uning o‘q-dorilari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish funksiyalarini Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga o‘tkazish;
  • ikkinchidan, o‘qotar bo‘lmagan qurol bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzish uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik nazarda tutish;
  • uchinchidan, qonunlardagi mavjud tushunchalar, qurol turlari va ularning huquqiy holatini «Qurol to‘g‘risida"gi Qonunga muvofiqlashtirish.

Eslatib o‘tamiz, prezident 2019 yilning iyulida «qurol muomalasi va ulardan foydalanishning huquqiy asoslari, qat’iy qoidalari va talablari» belgilangan «Qurol to‘g‘risida«gi qonunga imzo chekkan edi.