31 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari tomonidan tashkilot rahbarini lavozimdan olish uchun ko‘chada namoyish uyushtirilgan video lavhalari jamoatchilikka keng tarqaldi. O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi holat yuzasidan «Gazeta.uz»ga ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligining Ichki audit xizmati tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 2021 yil yanvar oyida o‘rganish o‘tkazilgan. 1-sonli DMTTning direktori E.Bekbergenova o‘z lavozimida 2018 yil 31 yanvardan 2020 yil 21 dekabrga qadar ishlab kelgan. Direktorning ustidan xodimlar tomonidan kelib tushgan shikoyatlarni o‘rganish maqsadida Ishchi guruh shakllantirilgan.

O‘rganish davomida MTT rahbari tomonidan 399,2 mln so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan:

DMTTga har xil lavozimlarga ishga rasmiylashtirilgan 5 nafar fuqaro DMTTda ishlamagan va vazifa bajarmagan bo‘lsa-da, ularning nomiga 24 mln so‘m ish haqi yozilib, to‘langan;

2018−2021 yillarda 33 nafar xodimning mutaxassisligi to‘g‘ri kelmasa-da qo‘shimcha ish vazifalari noto‘g‘ri yuklangan hamda ushbu vazifalar bajarilmagan bo‘lsa-da, ularga 28,9 mln so‘m ish haqi ortiqcha to‘langan;

16 nafar xodimga 1 shtat birlikdan ortiq ish vazifalar yuklanib, ish vazifalar uchun to‘langan 46,9 mln so‘m ish haqi xodimlarning tushuntirish xatlariga ko‘ra CLICK xizmati orqali DMTT musiqachisi va DMTT direktori E.Bekbergenovaning plastik kartochkasiga o‘tkazib berilgan hamda shundan 8,5 mln so‘m ish haqi haqiqatda bajarilmagan ish xajmi uchun to‘langan;

DMTTda 1 birlikda metodist lavozimida ishlagan G. Otepovaga 2020 yil yanvar va fevral oylarida mehnat qonunchilikda zid ravishda tuman MTB tomonidan qo‘shimcha 0,5 birlik ish yurituvchi va 0,5 birlik sektor boshlig‘i vazifalari yuklatilgan va 838,5 ming so‘m o‘rindoshlik uchun ortiqcha to‘langan, G. Otepovaga 2019 yil noyabrdan 2020 yil fevral oyigacha DMTTdagi metodist vazifasi uchun to‘langanligi rasmiylashtirilgan ish haqining 60 foizi 7,1 mln so‘m DMTT direktori E.Bekbergenovaning plastik kartochkasiga CLICK xizmati orqali o‘tkazib kelingan;

DMTT direktori tomonidan 3,63 birlik shtat birliklariga xodim olmasdan va bo‘sh ish o‘rni bo‘yicha tegishli mehnat organlariga hisobotlar topshirmasdan mehnat qonunchiligi buzilgan;

Markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati tomonidan mehnatga haq to‘lash me’yorlariga amal qilinmasdan 1,9 mln so‘m ish haqi ortiqcha to‘langan;

Oziq-ovqat mahsulotlarini kunlik taomnomalarga qo‘shib yozish natijasida 7,3 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari asossiz hisobdan chiqarilgan;

2018−2020 yillarda 5,7 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari me’yordan ko‘p taomnomaga kiritilib, ortiqcha hisobdan chiqarilgan;

DMTT moddiy javobgar shaxsi tomonidan hamda markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati xodimlari nazorat tashkil etilmaganligi natijasida 5,2 mln so‘mlik oziq-ovqat va 50,9 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklar kamomadi hamda 0,7 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ortiqchaligiga yo‘l qo‘yilgan.

Shuningdek, DMTT direktori E.Bekbergenova tomonidan 1 ta tarbiyachi yordamchiga 2018 yil oktyabr oyidan 2019 yil dekabr oyigacha o‘zining uyida har xil turdagi maishiy ishlarni, 2 ta qorovulga 2020 yil 5 oy davomida o‘zining eski uyini buzdirib yangi uy qurdirgan bo‘lsada, ushbu davr mobaynida ish vazifasini bajarmagan 2 ta qorovulga va 1 ta tarbiyachi yordamchiga byudjet hisobidan jami 16,1 mln so‘m ish haqi ortiqcha to‘langan va DMTT uchun ajratilgan shtat birliklaridan o‘z manfaat yo‘llarida foydalangan.

DMTT ombor mudiri va oshpazlari tushuntirish xatlariga ko‘ra, DMTTda 2018−2020 yillarda taomnomada yozilgan go‘sht va sut mahsulotlarining yarimi ya’ni 4932 kg 159,6 mln so‘mlik go‘sht hamda 15 504,5 litr 53,1 mln so‘mlik sut mahsulotlari qozonga solinmagan.

O‘rganish hujjatlari qonuniy qaror qabul qilish uchun O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tuman bo‘limiga topshirilgan. Shuningdek, vazirlik buyrug‘iga asosan 2020 yil 21 dekabr kuni lavozimidan ozod etildi.

24−25 mart kunlari sud qarori asosida E.Bekbergenova lavozimiga qayta tiklangan. Shundan so‘ng, MTT xodimlari o‘z norozilik namoyishlarini uyushtirgan.

5 aprel kuni Qoraqolpog‘iston Respublikasi MTVning ma’lum qilishicha 1-son MTT direktori E.Bekbergenova qayta lavozimidan chetlashtirildi.