Yakshanba kuni Indoneziyada boshlangan suv toshqinlari va yer o‘pirilishi natijasida mamlakatda kamida 55 kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda TASS.

Xabarga ko‘ra, shuningdek, 40 nafar inson bedarak yo‘qolgani aytilmoqda.

Reuters’ning so‘nggi xabariga ko‘ra, suv toshqinlari va yer o‘pirilishi Indoneziya va Sharqiy Timorda jami 76 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, minglab aholini uysiz qoldirgan.

Hodisa oqibatida Indoneziyada bir necha ko‘priklar qulagan, shuningdek, daraxtlarning qulab tushishi oqibatida ba’zi yo‘llar to‘silib qolgan. Bu esa qidiruv-qutqaruv ishlarini murakkablashtirgan.

Indoneziyada tabiiy ofatlarning oldini olish milliy agentligining ta’kidlashicha, siklon yaqin 24 soat ichida kuchayishi, buning oqibatida esa kuchli yomg‘ir va shamollar, to‘lqinlar kuzatilishi mumkin.