O‘zbekistonda ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etiladi. Bu prezidentning 26 martdagi farmonida ko‘zda tutilgan. Hujjat «jamoat xavfsizligini ta’minlash», «huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish, ichki ishlar organlarining eng quyi bo‘g‘inidan respublika darajasigacha samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish va zamonaviy ish uslublarini joriy etish» maqsadida qabul qilindi.

Avvalroq mazkur farmon bilan Ichki ishlar vazirligi tuzilmasini o‘zgartirishlar kiritish ko‘zda tutilayotgani, jumladan, boshqarma va xizmatlar departamentlarga birlashtirilayotgani (jumladan, Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi, Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi, Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi Tezkor-qidiruv departamentiga), ichki ishlar organlarining tayanch punktlari asosida mahalla huquqni muhofaza qilish punktlari tashkil etilayotgani, Toshkent va Samarqand viloyatlarida profilaktika inspektorlariga masofadan turib murojaat qilish mumkin bo‘lgan «Smart mahalla» tizimi joriy etilayotgani haqida xabar qilgan edik.

Farmon ilovasidan o‘rin olgan «yo‘l xaritasi»ga muvofiq, aprel oxiriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash kutilmoqda. Hujjatda patrul-post va yo‘l-patrul xizmatlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va probatsiya xizmatlari bo‘linmalarining o‘zaro hamkorlikda ishlashi bo‘yicha yangi mexanizmlarni belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Milliy gvardiya bo‘linmalarining jamoat tartibini saqlash tizimidagi vakolatlari va shaxsiy javobgarligi belgilanadi, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini kunlik nazorat qilishda profilaktika inspektorlari bilan hamkorlik mexanizmlarini joriy etgan holda probatsiya bo‘linmalarining faoliyati samaradorligi oshiriladi. Tuman va shahar probatsiya bo‘linmalari tegishincha tuman va shahar ichki ishlar organlarining bevosita bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

Toshkentdagi 24 ta ichki ishlar bo‘limlari va ayrim tuzilmalarining rahbarlik lavozimlari maqbullashtirilib, bo‘shatilayotgan shtat birliklari poytaxt ichki ishlar organlarining profilaktika va tergov-tezkor tuzilmalarini kuchaytirishga yo‘naltiriladi.

Farmon bilan quyidagi lavozimlar tugatilmoqda:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirining, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirining, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlarining o‘rinbosari — huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi (bo‘limi) boshlig‘i;
  • viloyat ichki ishlar boshqarmasi (bosh boshqarmasi) boshliqlarining probatsiya va jazoni ijro etish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari.

Ular o‘rniga Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirining, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlarining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i lavozimi joriy etiladi.

Patrul-post va yo‘l-patrul xizmati bo‘linmalari faoliyatini, shuningdek, mahallalar va jamoat joylarida manzilli profilaktik tadbirlar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish, muqaddam sudlangan va probatsiya hisobiga olingan shaxslar bilan ishlash hamda ichki ishlar organlarining tungi xizmatini tashkil etish ularning asosiy vazifalari etib belgilandi.