Iordaniya qirolining o‘gay ukasi davlat to‘ntarishini uyushtirishda ayblanmoqda

Iordaniya shahzodasi, mamlakat qirolining o‘gay ukasi Hamza ibn Husayn xorijiy davlatlar bilan fitna uyushtirib, mamlakatda vaziyatni beqarorlashtirishni rejalashtirgan, deya ma’lum qildi Iordaniya tashqi ishlar vaziri Ayman Safadi. 4 aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazir davlatdagi vaziyatga to‘xtalib, davlat to‘ntarishini rejalashtirgan 20 ga yaqin kishining hibsga olinganligini tasdiqladi. U shahzoda bilan «fitna uyushtirgan davlatlar» nomini aytmadi.

Iordaniya qirolining o‘gay ukasi, sobiq valiahd shahzoda Hamza ibn Husaynning aytishicha, hozirda u uy qamog‘ida. Shahzoda, shuningdek, rasmiylarni korrupsiyada va layoqatsizlikda ayblamoqda. «Iordaniya Qurolli kuchlari shtabi boshlig‘i oldimga kelib, uyimdan chiqmasligim, odamlar bilan aloqada bo‘lmasligim, hech kim bilan uchrashmasligim kerakligini aytdi», — dedi shahzoda. Unga ko‘ra, u o‘tkazgan bir qator uchrashuvlar va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar rasmiylarga yoqmagan, chunki u yerda shahzoda mamlakat rahbariyatini, shu jumladan Iordaniya qiroli Abdulla IIni tanqid qilgan. Hamza ibn Husayn harbiylarga bo‘ysunishdan bosh tortmoqda.

Iordaniyadagi harbiylar bundan oldin shahzodani uy qamog‘ida ushlab turish to‘g‘risidagi xabarlarni rad etishgan, ammo qirolning o‘gay ukasiga mamlakat «xavfsizligi va barqarorligiga» zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlarni to‘xtatish buyrug‘i berilganligini tushuntirishgan. 3 aprel kuni davlat xavfsizligini ta’minlash operatsiyasi doirasida bir necha kishi hibsga olingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Hibsga olinganlar orasida, BBC ta’kidlaganidek, qirol oilasining yana bir a’zosi, shuningdek, sobiq moliya vaziri ham bor. Bir qator arab davlatlari ham Iordaniya rasmiylarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi. — Gazeta.uz


Myanmadagi to‘qnashuvlarda vafot etganlar soni 564 kishiga yetdi

Myanmada namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari xodimlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda halok bo‘lganlar soni 1 fevraldan beri 564 kishiga yetdi. Bu haqda 4 aprel kuni Myanmadagi siyosiy mahbuslarga yordam berish uyushmasi (AAPPB) xabar qilgan. «4 aprel holatiga ko‘ra davlat to‘ntarishi natijasida 564 kishi halok bo‘ldi», deyiladi xabarda. Uyushma ma’lumotlariga ko‘ra, 2667 kishi hibsda, 38 nafari qamoq jazosiga hukm qilingan. Qo‘shimcha 425 namoyishchiga qarshi hibsga olish to‘g‘risida order berildi. 3 aprel kuni The Irrawaddy nashri Save the Children jamg‘armasiga asoslanib, mamlakatda kamida 43 nafar voyaga yetmaganlarning vafot etgani haqida xabar berdi. — AAPPB.

1 fevral kuni Myanmada harbiylar hokimiyatni qo‘lga olib, bir yilga favqulodda holat e’lon qilishdi.


Fransiya vazirlari yashirincha hashamatli kechki ovqatlarda qatnashganlikda gumon qilinmoqda

Parij prokuraturasi ba’zi vazirlarning restoranlarda yashirincha kechki ovqatlarni o‘tkazgani haqidagi xabarlarni tekshirishni boshladi. Parij politsiya prefekturasi, o‘z navbatida, tergovning maqsadi «amaldagi sanitariya-epidemiologiya cheklovlariga zid bo‘lgan barcha maxfiy o‘tirishlar tashkilotchilari va ishtirokchilarini aniqlash» ekanligini ko‘rsatdi. Surishtiruv M6 telekanali «bir qator vazirlar» Parijdagi hashamatli restoranlarga yashirincha tashrif buyurganliklari haqidagi xabarlarni berganidan keyin boshlandi. Europe 1 radiostansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bunday restoranlarda bir kishi uchun kechki ovqat narxi 160 dan 490 yevrogacha yetishi mumkin. Shundan so‘ng, Fransiya ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen ijtimoy tarmoqlarda «tasdiqlangan taqdirda, ushbu maxfiy kechki ovqatlarning tashkilotchilari va ishtirokchilarini sudga berish uchun taqdim etilgan faktlarning to‘g‘riligini tekshirish uchun Parij politsiya prefekturasiga murojaat qilganini» yozdi. Koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish choralari doirasida Fransiyadagi restoranlar oktyabr oyidan beri yopiq. — Interfaks.


Yaponiyaliklar bosh vazir iste’fosini yoqlamoqda

Yaponiya aholisining deyarli 60 foizi mamlakat bosh vaziri Yosixide Suganing zudlik bilan yoki sentyabr oyida, uning hukmron Liberal-Demokratik Partiya (LDP) rahbari sifatida muddati tugashi bilan iste’foga chiqishini yoqlamoqda. Buni 5 aprel kuni Yomiuri nashri 2−4 aprel kunlari mamlakat bo‘ylab o‘tkazgan so‘rovnoma javoblari asosida ma’lumot berdi. Unda 18 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan mingdan ortiq yaponiyaliklar qatnashdi, so‘rov kompyuterdan tasodifiy tanlab olish orqali o‘tkazildi. Respondentlarning 12 foizi bosh vazirning zudlik bilan iste’foga chiqishini yoqlamoqda. 47 foizi u sentyabr oyida hukmron partiyaning yetakchisi sifatida muddati tugagandan so‘ng lavozimini tark etishi kerak deb hisoblaydi. Yosixide Suga o‘tgan yilning sentyabr oyida Sindzo Abening sog‘lig‘i sababli iste’foga chiqqandan so‘ng bosh vazir lavozimini egallagan edi. Hozirgacha Suga hukumat rahbari sifatida faqat sentyabr oyigacha, hukmron partiya yetakchisiga navbatdagi rejalashtirilgan saylovlar tugaguniga qadar ishlaydi. Amaldagi bosh vazir saylovlarni yutib olish uchun katta imkoniyatga ega, ammo, Yomiuri`ning yozishicha, uning mavqei yutuqlari yetishmasligidan aholi noroziligining kuchayishi tufayli zaiflashmoqda. — TASS (Yomiuri).


Vladimir Putin unga yana prezidentlik saylovlarida qatnashishga ruxsat beruvchi qonunga imzo chekdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘ziga davlat rahbari lavozimiga qaytadan nomzodini qo‘yish huquqini beruvchi qonunni imzoladi. Qonunning bir qator bandlari konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar ijrosidan kelib chiqib tayyorlangan. Asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartishlardan biriga muvofiq, prezidentlik muddatlari sonini cheklovchi bandlar bekor bo‘ldi.

Hujjatga ko‘ra, mamlakatda eng kamida 25 yil doimiy yashagan, 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, shuningdek, muqaddam boshqa bir davlat fuqaroligiga yoki yashash guvohnomasiga ega bo‘lmagan RF fuqarosi davlat rahbari etib saylanishi mumkin. — Gazeta.uz


Turkiya hukumati Montryo konvensiyasini saqlab qolishni qo‘llab-quvvatlagan sobiq admirallarni hibsga oldi

Iste’fodagi 104 admiral Istanbul kanali qurilishi munosabati bilan Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlari maqomiga oid Montryo konvensiyasini qayta ko‘rib chiqish xavfi haqida ogohlantirgandan so‘ng, Turkiya hukumati 10 nafar sobiq harbiyni hibsga oldi. Ularning maktubi demokratik yo‘l bilan saylangan hukumat ishiga aralashishga urinish sifatida baholandi. Poytaxt prokuraturasi dalillarning yo‘q qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik va voqeaga aloqador boshqa gumon qilinuvchilarni aniqlash uchun iste’fodagi 10 admiral hibsga olinganligini ma’lum qildi. Yana to‘rt nafar gumonlanuvchi yoshi kattaligini hisobga olib hibsga olinmagan. Hibsga olinganlar orasida Turkiyaning yangi «Moviy Vatan» dengiz doktrinasi asoschilaridan biri Jem Gurdeniz ham bor. Ushbu doktrinaga ko‘ra, Turkiya katta dengiz hududlariga, shu jumladan ba’zi yunon orollari suvlariga bo‘lgan huquqlarga ega. 1936 yildagi Montryo konvensiyasi Turkiyaning Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlari ustidan hukmronligini tikladi. Tinchlik davrida ham, urush davrida ham har qanday mamlakatning savdo kemalari ushbu bo‘g‘ozlardan erkin o‘tish huquqini saqlab qoladi. Bundan tashqari, tinchlik davrida bu konvensiya Qora dengiz davlatlariga tegishli har qanday sinfdagi harbiy kemalarning bo‘g‘ozlar orqali erkin o‘tishiga imkon beradi. Qora dengizga kirmaydigan davlatlarning harbiy kemalari uchun Qora dengizda turi, og‘irligi va vaqti uchun cheklovlar mavjud.

Birinchi marta Erdog‘an 2011 yilda Istanbul kanalini qurish g‘oyasini ilgari surgan edi. O‘shanda u Bosforda yuk tashish qisqarishi yoki umuman to‘xtatilishi mumkinligini aytdi, bu esa Montryo konvensiyasiga ziddir. Loyihani 2023 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan. — Daily Sabah.


Yaponiya banki raqamli valyuta chiqarishni rejalashtirmoqda

Yaponiya banki (markaziy bank) o‘zining raqamli valyutasini chiqarish imkoniyatlarini sinab ko‘rish bo‘yicha eksperimentning birinchi bosqichini boshladi. Ta’kidlanishicha, kelgusi yilning mart oyigacha davom etadigan birinchi bosqichda yangi tizim uchun sinov muhiti ishlab chiqiladi. Shuningdek, raqamli valyutaning asosiy funksiyalari, shu jumladan emissiya va sotib olish bilan tajriba o‘tkazish rejalashtirilgan. Ma’lumot uchun, Xitoy o‘tgan yili raqamli yuan chiqarish bo‘yicha sinovlarni o‘tkazishni boshladi. Yevropa Markaziy banki (YeMB) raqamli yevroni ushbu o‘n yillikning o‘rtalarida chiqarishni rejalashtirmoqda. — Yaponiya banki.


LG Electronics smartfonlar ishlab chiqarishni to‘xtatadi

Janubiy Koreyaning LG kompaniyasi elektromobillar, aqlli uylar, robotlar, sun’iy intellekt ehtiyot qismlariga ko‘proq e’tibor qaratish maqsadida smartfonlar ishlab chiqarishni to‘xtatayotganini e’lon qildi. Mobil bo‘linma 31 iyulga qadar butunlay yopilishi aytilmoqda. LG’ning chiqarilgan telefonlari bozorda mavjud bo‘lib qoladi va kompaniya bir muncha vaqt xizmatni qo‘llab-quvvatlaydi va dasturiy ta’minotni yangilaydi. The Korea Times yanvar oyida kompaniya mobil bo‘linmasini yopishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yildan beri kompaniya 4,5 mlrd dollar zarar ko‘rgan. — Gazeta.uz