3 aprel kuni Toshkentda professional boks kechasi bo‘lib o‘tdi. Birinchi yarim yengil vazn toifasida 26 yoshli o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyevning (9−0, 7 KO) WBA Super va IBF chempionligining ilk himoyasi uchun IBF yo‘nalishi bo‘yicha majburiy nomzod yaponiyalik 31 yoshli Ryosuke Ivasaga (27−4, 17 KO) qarshi jangi kechaning asosiy hodisasi bo‘ldi.Foto: vringe.com.

Murodjon Ahmadaliyev vs. Ryosuke Ivasa

Har ikki bokschi ham ringga chiqishdan oldin ancha muddat: chempion 14 oydan ko‘proq, raqibi esa deyarli 16 oy tanaffus qildi. Jang davomida Ahmadaliyevning zarbalari, ayniqsa aniq jeblari (kutilmagan zarbalar) o‘tkirroq ko‘rindi va ular natijasida raqibining chap ko‘zi tezda qizardi. Oz holatlardagina Ivasa o‘zbekistonlik raqibining tajovuzkor hamlalarini mo‘’tadillashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ahmadaliyev ikkinchi raunddan boshlab hujumni kuchaytirdi, beshinchi raundda esa bosim sezilarli darajada oshdi. U bir nechta muvaffaqiyatli hujumlarni amalga oshirdi, raqibga ko‘plab aniq zarbalar berdi va hakam jangni to‘xtatishga qaror qildi. Jang sharhlovchilari bu qarorni biroz erta deb hisoblashdi, chunki Ivasa, bosim ostida qolgan bo‘lsa ham, himoya choralarini qo‘llay oldi. Yakunda Murodjon Ahmadaliyev beshinchi raundda texnik nokaut bilan g‘alaba qozondi va o‘zining chempionlik unvonlarini himoya qildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Murodjon Ahmadaliyev afsonaviy Olimpiya chempioni Leon Спинкснинг rekordini takrorlab, professional ringdagi sakkizinchi jangida ikkita unvon sohibiga aylangan edi. Bundan tashqari, chustlik bokschi O‘zbekiston tarixidagi birinchi va hozirga qadar yagona birlashgan (mutlaq) jahon chempioni hisoblanadi.

Video

Shahrom G‘iyosov vs. Patrisio Moreno

Kecha anderkardi (asosiy jangdan oldin bo‘lib o‘tadigan yakkaliklar) doirasida Olimpiya o‘yinlari kumush medali sohibi Shahrom G‘iyosov (11−0, 9 KO) ham ringga ko‘tarildi. U birinchi yarim o‘rta vazn toifasida (63,5 kg gacha) meksikalik Lopes Moreno (28−5, 20 KO) bilan jang olib bordi. O‘rtaga G‘iyosovning WBA yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro unvoni tikildi.

G‘iyosov jangni tajovuzkor boshladi va raqibining bosh va tanasiga ketma-ket zarbalar berdi. Ikkinchi raund oxirida buxorolik bokschi bir nechta kuchli zarbalardan so‘ng Lopesni tiz cho‘kishga majbur qildi. Uchinchi raundda ham O‘zbekiston vakili bosh va jigar sohasiga qator zarba berib, nokaut qayd etgan. Moreno yuztuban yiqilib tushdi va hakamni sanash paytida o‘rnidan turishga ham urinmadi.

Video

Hasanboy Do‘smatov vs. Muxsin Kizota

2016 yilgi Olimpiya chempioni o‘zbekistonlik Hasanboy Do‘stmatov (3−0, 3 KO) birinchi eng yengil vazn toifasida tanzaniyalik Muxsin Kizotani (11−3, 5 KO) ikkinchi raundda texnik nokautga uchratib, WBA International nomzod belbog‘ini qo‘lga kiritdi.

Birinchi raundda tanzaniyalik bokschi nokdaunga uchradi, ikkinchi raundda esa ikki marta yiqildi. Natijada hakam jangni to‘xtatib, Hasanboy Do‘smatovni g‘olib deb topdi.

Isroil Madrimov vs. Emmani Kalombo

Birinchi o‘rta vaznda (69,9 kg gacha) ringga ko‘tarilgan Osiyo va Osiyo o‘yinlari chempioni Isroil Madrimov (7−0, 5 KO) kongolik nokautchi Emmani Kalombo (14−1, 14 KO) bilan jang qildi.

10 raund natijalariga ko‘ra o‘zbekistonlik bokschi hakamlar qaroriga ko‘ra g‘olib chiqdi — 100−89, 99−90 va 98−92.

Video

Bahodir Jalolov vs. Kristaps Zutis

Super og‘ir vazn toifasidagi umidli bokschi, jahon va Osiyo chempioni Bahodir Jalolov (8−0, 8 KO) latviyalik raqibi Kristaps Zutisni (7−2−2, 7 KO) nokautga uchratib, professional ringda navbatdagi muddatdan oldingi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik bokschi antropometriya (tana va a’zolari o‘lchami) jihatidan raqibidan ustunligidan unumli foydalangan holda uzoq masofadan turib aniq va kutilmagan zarbalar berdi, chap qo‘lini ham mohirona qo‘lladi. Ikkinchi raundda Jalolov Zutisni nokdaunga uchratdi, u o‘rnidan turdi, biroq bir necha soniyadan so‘ng u yana ringga yiqildi. Hakam jangni to‘xtatib, g‘alabani o‘zbekistonlik sportchini texnik nokaut bilan g‘olib deb topdi.

Video

Mirazizbek Mirzaxalilov raqibi ustidan erishgan g‘alabasini nishonlamoqda.

Iqboljon Xoldarov (chapda).

Andekardning boshqa janglarida 22 yoshli Sanjar Tursunov (3−0, 1 KO) 30 yoshli ukrainalik Ivan Yuxtni (3−2−1, 2 KO) hakamlar qarori bilan mag‘lub etgan bo‘lsa, 24 yoshli Iqboljon Xoldarov (1−0, 1 KO) debyutida 28 yoshli tanzaniyalik Kulva Bushirini (13−6−1, 5 KO) nokautga uchratdi, 26 yoshli Mirazizbek Mirzaxalilov (1−0, 1 KO) ham tanzaniyalik Tasha Mjuajini (17−8−2, 5 KO) nokaut evaziga mag‘lub etdi.

Materialda Anvar Ilyosov, Abdullo Fayzullayev, Jahongir Fayzullayevlarning fotosuratlaridan foydalanildi.