O‘zbekiston hammuallifligidagi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlanganlarda kuzatilishi mumkin nojo‘ya ta’sirlar haqida innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova ma’lum qildi.

«Vaksina bilan emlangandan so‘ng tana harorati 37 ga ko‘tarilishi mumkin. Bundan tashqari allergik reaksiyalar va ukol qilingan joyda qizarishlar bo‘lishi mumkin. Bundan qo‘rqmaslik kerak, 2−3 kunda o‘tib ketadi», — dedi u.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur vaksinani olganlarda 95−97 foiz antitanachalar rivojlangan.

«Men o‘zim 23 noyabrda birinchi dozani olganman. O‘zbekistonda klinik tadqiqotlarni boshlaganimizda o‘zimizdan boshladik, o‘zimiz ko‘rdik. Oilamizga, bolalarim va onamga ham qilganman. Hech qandan nojo‘ya ta’sirlarni kuzatmadik», — deya qo‘shimcha qildi Shahlo Turdiqulova.

27 mart kuni Xitoy-O‘zbekiston hammuallifligidagi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi Xitoydan 1 mln dozada olib kelingan edi. Sog‘liqni saqlash vaziri aprel-iyun oylarida ham yana 3,5 mln dozada mazkur vaksinani olib kelinishi haqida ma’lum qilgan.

1 aprel kuni O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi vaksinatsiya jarayoni boshlandi. Birinchi bosqichda 65 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar hamda tibbiyot xodimlari emlandi.