2 aprel kuni Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasiga tegishli bo‘lgan «UAZ Pikap» rusumli avtomashinasida yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan, deya xabar qildi Milliy gvardiya matbuot xizmati.

Ushbu xizmat avtomashina haydovchisi S.Sh. xizmat yuzasidan Farg‘ona tumani, «Farg‘ona-Vodil» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan vaqtida, piyodalar o‘tish uchun belgilanmagan joyda chap tomondan o‘ng tomonga qarab yo‘lni kesib o‘tayotgan fuqaro B.N. ni urib yuborgan, deyiladi xabarda.

Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimiga tegishli ekani taxmin qilinayotgan avtomobi. Foto: Troll.uz.

«Shundan so‘ng harbiy xizmatchi o‘zining avtomashinasida ushbu fuqaroni Shoshilinch tez tibbiy yordam Farg‘ona shahar filialiga olib borgan. Afsuski, jabrlanuvchi olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan», — deya qayd etdi Milliy gvardiya.

Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Farg‘ona viloyati Harbiy prokuraturasi tomonidan tergov oldi harakatlari olib borilmoqda. Xizmat avtomashinasi prokuratura ixtiyoriga topshirilgan.

Qonunchilikka muvofiq, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) xizmat vazifasini bajarayotganda daxlsizlik huquqiga ega. Harbiy xizmatchi Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent prokurori bilan kelishilmasdan turib ushlanishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.