Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyati tugatiladi. Bu 3 aprel kuni prezident tomonidan imzolangan «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tuzilmasini maqbullashtirishni va shtat birliklari sonini qisqartirish to‘g‘risida"gi qarorda nazarda tutilgan.

Agentlikning barcha vakolatlari, funksiya, vazifalari va mol-mulki Moliya vazirligiga o‘tkaziladi.

Qarorda Moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralarga bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi prezident hujjati loyihasini kiritish topshirildi:

  • Kapital bozorini rivojlantirish agentligining vakolatlari, huquq va majburiyatlari hamda mol-mulkini Moliya vazirligiga o‘tkazish;
  • Agentlikning xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarini, ular bilan kelishilgan holda, keyinchalik amalga oshirish mexanizmini belgilash;
  • Kapital bozorini rivojlantirish agentligining vakolatlari Moliya vazirligiga o‘tkazilishi hisobiga uning faoliyatini kengaytirish.

Eslatib o‘tamiz, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi 2019 yil yanvar oyida tashkil etilgan edi.

Oldinroq agentlik direktori Otabek Nazirov To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining maslahatchisi etib tayinlangan edi.