Toshkent viloyatida qizil chiroqqa o‘tib ketganligi sababli to‘xtatilib, hujjatlari so‘ralgan haydovchining YPH xodimiga nisbatan qilmoqchi bo‘lgan hujumi uchun 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda YHXBB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 31 mart kuni Yo‘l patrul xizmati inspektori Toshkent-Chimyon avtomobil yo‘lida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘iga bo‘ysunmay harakatlanib kelgan yuk avtomashinasini to‘xtatadi. Haydovchi (1988 y.t.) A.S.ga qoidabuzarligini tushuntirib, undan hujjatlarini so‘raydi.

Ammo haydovchi hujjatlarini berishdan bosh tortadi. Uzoq tortishuvlardan so‘ng, haydovchi inspektorning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, avtomobilni haydab ketib qoladi.

Xabarga ko‘ra, inspektor aloqa vositasi orqali keyingi chorrahada turgan boshqa inspektordan uni to‘xtatishni so‘raydi va o‘zi ham o‘sha yerga yetib boradi. Ammo haydovchi u yerda ham hujjatlarini bermasdan ancha vaqt inspektor bilan tortishib turadi va inspektorni uyali telefoniga tasvirga oladi.

Shundan so‘ng, inspektor ikki nafar holis ishtirokida undan yana hujjatlarni so‘raydi. Haydovchi ancha vaqt qarshilik ko‘rsatib, so‘ngra hujjatlarini beradi. Unga nisbatan belgilangan tartibda elektron ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Haydovchi qoidabuzarlikka nisbatan qonuniy chora ko‘rilganligi uchun, biroz muddat o‘tib qo‘lida tosh bilan inspektorning oldiga qaytib keladi. U bilan talashib, haqoratlab, so‘kinib unga hujum qilmoqchi bo‘lgan harakatlar sodir etgan holda norozichiligini bildiradi.

Qibray tuman IIB tomonidan mazkur fuqaroning hujjatlari rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun tuman sudiga yuborildi. Sud tomonidan A.S. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 moddasi (mayda bezorilik) va 194 moddasiga (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.