31 mart kuni Samarqand shahrida «Hokim, vazir va yoshlar uchrashuvi» bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand shahri aholisi 2021 yil oxiriga qadar aholisi bir milliondan ortiq shaharga aylanishini ma’lum qildi.

«Aslida, hozirning o‘zida Samarqandda 1 million aholi yashaydi. Shaharga yaqin joylashgan bir necha tumanlar qo‘shilib ketgan. Biz Samarqandni bir millionli shahar qilib, uning tarkibida beshta tuman qilmoqchimiz», — deydi Turdimov.

U dunyoda «millioner shahar"larning o‘z statusi borligini ta’kidlab o‘tdi.

«Har qanday biznesmen biror tumanga pul qo‘yishdan oldin aholisi qanchaligiga qiziqadi. Mehnat resursi boymi, yo‘qmi, deb so‘raydi. Odam ko‘p bo‘lsa, bu yerga pul tikadi. Nega tikadi, chunki shaharda ko‘p odam bo‘lsa, ko‘p yeydi, ko‘p odam kirib-chiqadi. Shuning uchun ham millionli shaharning statusi o‘zgacha. Shuning uchun Samarqand shahri millionli shahar bo‘ladi», — deydi Erkinjon Turdimov.

Hokim Qozog‘istonni misol qilib keltirib, O‘zbekistondan aholisi ikki baravar kam bo‘lsa-da, 3 ta «millionli shahri» — Olmaota, Ostona va Chimkent borligini, O‘zbekistonda esa faqat Toshkent ekanligini aytib o‘tgan.