Vazirlar Mahkamasining «Avtotransport vositalarini yollash va ijaraga berish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, elektromobillar va mototransportdan foydalanish, shuningdek, velosipedda mamlakat bo‘ylab harakatlanishi rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida velosipedni qisqa muddatli ijaraga berish bike sharing tizimi joriy etiladi. Bu haqda Toshkent shahar transport boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bike sharing tizimini tashkil etish bo‘yicha birinchi bosqich loyihasi

Ma’lumotga ko‘ra, «Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejasi» konsepsiyasiga muvofiq, poytaxtda umumiy uzunligi 606 km bo‘lgan velosiped yo‘laklarini loyihalash ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, velosiped turargohlari, velosiped ijara markazlari hamda «bike sharing» xizmatlaridan foydalanish uchun elektron to‘lov infokiosklarini tashkil etish bo‘yicha dastlabki loyiha ishlab chiqilmoqda.

Hozirda, boshqarma tomonidan boshlang‘ich pilot loyiha sifatida Toshkent shahrining 4 ta nuqtalarida bike sharing tizimini tashkil etish rejallashtirilgan. Suratlarga qaraganda, birinchi to‘rtta velosiped turargohlari «Tashkentland» istirohat bog‘i, Xalqlar do‘stligi san’at saroyi, Alisher Navoiy teatri va Tashkent city hududi oldida o‘rnatiladi.



Toshkent shahrida velosipedlarni ijaraga berish tartibining dastlabki taklif loyihasi yuzasidan fikrlarni mazkur havolada qoldirish mumkin.