1 aprel kuni Farg‘ona viloyatidagi Rishton va So‘x tumanini bog‘lab turuvchi Qirg‘iziston orqali o‘tgan yo‘lning ochilishi rejalashtirilgan, deya xabar bermoqda O‘zA. Buning uchun ushbu yo‘nalishdagi chegara nazorat-o‘tkazish punktlari tayyor holatga keltirildi.

So‘x tumani yuz foiz Qirg‘iziston yeri bilan o‘ralgan anklav hudud hisoblanadi. Tuman aholisi uchun yaqin yo‘l bo‘lgan bu bojxona chegara posti ancha yillar yopiqligicha turgan, so‘xliklar viloyat markaziga borishi uchun uzoq yo‘l bosib o‘tishgan. Endilikda esa qisqa masofada So‘xga kirib borish mumkin bo‘ladi.

11−12 mart kunlari Toshkentda Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston — Qirg‘iziston davlat chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlarining ochilishi muhokama qilingan edi.