O‘zbekiston prezidenti sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, jumladan kasalliklarni oldini olish va patronaj xizmati ko‘rsatish borasida mutlaqo yangi tizim yaratish bo‘yicha o‘tgan yili noyabrdagi yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazayapti, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev tibbiyot juda ham og‘ir ahvolda ekanligini ta’kidladi. U sog‘liqni saqlash tizimi rahbarlarining faoliyatini tanqid ostiga oldi.

Prezident hisobot uchun so‘zga chiqadigan rahbarlar uchta savolga javob berishlari kerakligini aytdi:

Tibbiy xarita shakllantirilgani, aholining xavf guruhlariga bo‘lingani nimani ko‘rsatib berdi?

Mahallalar kesimida tibbiyot brigadalari shakllantirilib, aholi bilan manzilli ishlash boshlandimi va bundan nechta fuqaro minnatdor bo‘ldi?

Tibbiyot muassasalarida qaysi xizmat pulli, qaysi bepul bo‘ldi?

«Pandemiya davrida ko‘plab mablag‘lar hisobsiz sarflab yuborildi. Ko‘plab vazifalar qog‘ozda qolib ketmoqda. Afsuski, ko‘pchilik rahbarlar bu vazifalarni to‘liq tushunib yetmayapti», — dedi prezident.

Prezident ayni shu sabab o‘tgan 6 oyda Qoraqalpog‘iston. Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari hamda 37 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari ishdan olinganini qayd etdi.

«Bugun ham, masalani ichiga kirmagan, dunyoqarashi o‘zgarmagan, ushbu savollarga javob bera olmagan soha va hudud rahbarlari ishdan olinadi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident quyidagi rahbarlarni qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosini oxiriga yetkazish yuzasidan hududlarda mas’ul etib belgiladi:

  • Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev — Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlariga;
  • Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev — Toshkent viloyati va Toshkent shahriga;
  • Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy viloyatlariga;
  • Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev — Jizzax va Navoiy viloyatlariga;
  • Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova — Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlariga;
  • Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov — Jizzax, Samarqand, Sirdaryo viloyatlariga.

Hududlarga biriktirilgan rahbarlar viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga quyidagi masalalarni hal etishi kerak.

«Rahbarlar 1 mayga qadar Sirdaryo viloyati hamda 26 ta tuman va shahar tajribasini respublikaning barcha hududlarida boshlash kerak. Bunda, qishloq va mahallalarda tibbiyot brigadalarini tashkil etib, tibbiy xaritalarni shakllantirish, aholini 4 ta xavf guruhlariga ajratib, manzilli ko‘rikdan o‘tkazish va davolash ishlarini tashkil qilish zarur», dedi davlat rahbari.

Jumladan, Sirdaryo viloyatining 236 ta mahallasini (850 ming aholi) to‘liq qamrab olish uchun 421 ta tibbiyot brigadasi tashkil etilib, 1 ming 800 ta o‘rta tibbiyot xodimi biriktirildi.

Mazkur «tibbiyot brigadasi» aholining salomatlik holati xatlovdan o‘tkazilib, ular 4 ta xavf guruhiga ajratildi va viloyatning «elektron tibbiy xaritasi» yaratildi:

  • Sog‘lomlar;
  • Kasalliklari mavjud emas, biroq nosog‘lom hayot tarzini yuritishadi;
  • Bemorlar (kasallar);
  • G‘amxo‘rlikka muhtoj va imkoniyati cheklangan insonlar;

Sirdaryo viloyati 154 ming nafar aholi — sog‘lom (19,5 foiz), 356 mingi — nosog‘lom turmush tarzi yuritayotganlar (45 foiz), 257 ming — bemorlar (32,5 foiz), 25,5 ming — o‘zgalar parvarishiga muhtoj va nogironligi bo‘lganlar (3 foiz).

Misol uchun, Boyovut tumanida 31 ming aholi (43 foiz) o‘zini sog‘lom deb bilsada, ortiqcha vazn, noto‘g‘ri ovqatlanish, zararli odatlar hisobiga yurak-qon tomir, diabet, o‘pka kasalliklariga chalinishga ehtimoli yuqori ekanligi aniqlandi.

Agar, ular bilan hozirdanoq manzilli ishlanmasa, ertaga ular surunkali bemorlarga aylanadi, deya ta’kidladi prezident.

Toshkentning Chilonzor tumanida tashkil etilgan 145 ta «tibbiyot brigadasi» tomonidan 51 ta mahallada 231 ming aholi (tumanda 258 ming aholi istiqomat qiladi) xatlovdan o‘tkazilganda, 20 ming nafar ortiqchi vaznli aholi aniqlangan.

Vaholanki, muqaddam bor-yo‘g‘i 1 ming 200 ta ortiqcha vaznli fuqaro ro‘yxatda turgan. Xatlov davomida, Chilonzorda endokrin kasalliklar oldingi 7 mingtadan 13,5 mingtaga oshgan.