Shavkat Mirziyoyev Turkiy Kengashning videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan norasmiy sammitida Tog‘li Qorabog‘ masalasiga to‘xtaldi.

«Bugungi fursatdan foydalanib, Ozarbayjon Prezidenti hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyev va ozarbayjon xalqini, Tog‘li Qorabog‘ hududini qaytarib, tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi g‘alabasi bilan yana bir bor tabriklayman», — deya ta’kidladi u.

Prezident O‘zbekiston Tog‘li Qorabog‘ zaminidagi ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi.

Ma’lumot uchun, Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat 27 sentabr kuni keskinlashib, Armaniston va Ozarbayjon jangovar harakatlarda bir-birlarini ayblab kelishgan edi. 10 noyabr kuni Armaniston, Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarning to‘xtatilishi to‘g‘risida bayonot imzolandi. Unga ko‘ra, Boku Tog‘li Qorabog‘da egallangan bir nechta hudud ustidan nazoratni qo‘lga oldi. Ular orasida Qorabog‘ning madaniy poytaxti Shushi ham bor.