Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 0,8 foizga qimmatladi. Yillik nisbatda iste’mol narxlari indeksining o‘sish sur’ati 10,9% ga yetdi.

Mart oyida oziq-ovqat mahsulotlari 1,2 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,6 foizga, shuningdek, xizmatlar 0,4 foizga qimmatladi.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, mavsumiylik asosiy inflyatsion omillardan biri sifatida ta’sir etishda davom etmoqda.

Oziq-ovqat mahsulotlari va alkolsiz ichimliklar orasida mart oyida narxlarning ko‘tarilishida meva va sabzavotlar yetakchilik qildi. Ushbu davrda mevalar va yong‘oqlar 7,6% ga, sabzavotlar, ildizmevalilar, plantaynlar va dukkaklilar 8,0% ga qimmatlashdi. Yillik nisbatda yog‘-moy (29,8%), sut (17,0%) va go‘sht mahsulotlari (16,2%) sezilarli darajada oshdi.

Bundan tashqari, mart oyi davomida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan kungaboqar moyi (2,6%), tovuq go‘shti (1,4 — 1,5% oralig‘ida), oqqand va sut (1,4%) va shakar (1,3%) sezilarli darajada qimmatlashdi.

Oy davomida narxlarning pasayishi tuxum (-1,6%), muzlatilgan baliq va uzun boshoqli guruch narxlarida qayd etildi (-0,4%)

Shuningdek, meva-sabzavotlardan oy davomida bo‘lgani kabi yil boshidan ham pomidor (mos ravishda 18,1% va 26,0% ga) boshqalarga nisbatan sezilarli darajada qimmatlashdi. Yillik nisbatda limon (1,8 barobar) narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilikni ushlab kelmoqda.

Mart oyida spirtli ichimliklar 0,9% ga (yil boshidan 2,6%ga), tamaki mahsulotlari o‘rtacha 0,8% ga (5,9%) qimmatlashdi.

Oy davomida kiyim-kechak narxi 0,4 foizga, oyoq kiyimlari narxi esa 0,3 foizga o‘sdi.

Mart oyida bir qator hududlarda uy-joylarni ijaraga berish haqi o‘sdi, natijada ushbu xizmatning o‘sishi respublikada o‘rtacha 0,3 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, oy davomida sog‘liqni saqlash sohasida kuzatiladigan tovarlar va xizmatlar asosiy guruhlaridan dori vositalari (1,4%), tibbiy diagnostik vositalar (1,2%), shpritslar va bog‘lash materiallari hamda stomatolog xizmatlari (0,7%) narxlari boshqalarga qaraganda sezilarliroq qimmatlashdi. Tibbiy niqoblar, qo‘lqoplar, ambulator davolash va reabilitatsiya xizmatlari, tibbiy laboratoriya va diagnostika xizmatlari oy davomida 0,6% ga qimmatlashdi.

Yil boshidan boshqalarga nisbatan narxlarning sezilarli o‘sishi statsionar davolash hamda tibbiy laboratoriya va diagnostika xizmatlarida (4,5%), yillik nisbatda esa tibbiy laboratoriya va diagnostika xizmatlarida (14,9%) qayd etildi.

Yanvar-fevral oylarida narxlarning yaqqol o‘sishi benzin (8,5%) narxlarida, yillik nisbatda esa havo transportida yo‘lovchi tashish (1,3 barobar) narxlarida qayd etildi.

Mart oyida oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarni yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,9% ga oshgan. Narxlar o‘sishi diapazoni 0,5% dan (OTM va maktablar qoshidagi oshxonalar va kafeteriylar) 1,2% gacha (boshqa oshxonalar kafeteriylar) oraliqda joylashdi.

Ushbu davrda mehmonxonalar xizmatlari 0,9% ga qimmatlashgan.

Maishiy tovarlar va xizmatlardan ketma-ket uchinchi oy davomida narxlar o‘sishi bo‘yicha sartaroshxonalar xizmatlari (2,0%) yetakchilik qildi. Boshqa maishiy xizmat turlari narxlarining oshish darajasi bir foizlik chegaradan o‘tmadi. Shaxsiy foydalanish uchun buyumlardan zargarlik buyumlari va qo‘l soatlarining (o‘rtacha 1,0% ga) narxlari yuqoriroq o‘sdi.

Boshqa xizmatlar orasida mart oyida boshqalarga nisbatan diniy xizmatlar (respublika bo‘yicha o‘rtacha 8,1% ga) qimmatlashdi.