3 apreldan boshlab Fransiyaning barcha hududlarida to‘rt haftalik jiddiy karantin cheklovlari o‘rnatilishi e’lon qilindi, deya xabar berdi RBK Le Monde xabarlariga asoslangan holda. Bungacha bunday cheklovlar faqat mamlakatning 19 ta departamentida amal qilayotgandi.

Cheklovlarga ko‘ra, soat 19:00 dan boshlab barcha hududlarda komendantlik soati joriy qilinadi. Barcha ishchilar masofaviy tizimga o‘tkaziladi, barcha bog‘chalar, maktablar va kollejlar uch hafta muddatga yopiladi, talabalar oliy ta’lim muassasalariga haftasiga faqat bir marta borishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, nooziq-ovqat do‘konlari va restoranlar yopiladi. Faqat kitob do‘konlari, musiqiy do‘konlar va xo‘jalik mollari sotiladigan do‘konlar bundan mustasno.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar may oyining o‘rtalarigacha bekor qilinmaydi. Cheklovlar asta-sekinlik bilan yozgacha olib tashlanadi.