«Mening fikrim» portalida transport boshqaruvi paytida haydovchining kerakli hujjatlari bo‘lmaganligi uchun belgilangan jarimani bekor qilish taklif etilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi 1-qismiga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslar transport vositalarini boshqarganligi uchun BHMning 1 baravari miqdorida jarimaga tortiladi.

Jamoatchilik tomonidan ushbu tartibga o‘zgartirish kiritish taklifi berildi.

«Hozirda barcha DYHXX xodimlari maxsus planshetlar bilan jihozlangan va ular yagona ma’lumotlar bazasiga ulangan. Ma’lumotlar bazasida transport vositalarini qayd etish guvohnomalari va haydovchilik guvohnomalari haqidagi ma’lumotlar mavjud. Ma’lumotlar bazasida haydovchilar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar joylashtirilgan va ushbu bazaga barmoq izi orqali identifikatsiya qilish tizimi joriy etilgan bo‘lsa, u holda tegishli hujjatlar haydovchining yonida bo‘lmaganligi uchun jarima qo‘llashning nima zarurati bor», — deyiladi taklif matnida.

Shu sababli, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarning mavjudligini raqamli texnologiyalar (planshet) vositasida aniqlash va ushbu hujjatlar haydovchining yonida bo‘lmaganligi uchun javobgarlikni qo‘llash amaliyotini bekor qilish taklif etilmoqda.

Portalda e’lon qilingan mazkur taklif 12 ming 104 ta ovoz bilan ma’qullanmoqda (parlament o‘rganib chiqishi uchun to‘planishi lozim bo‘lgan ovozlar soni 10 ming).

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Qirg‘iziston prezidenti mamlakatda elektron hujjatlarni rivojlantirish bo‘yicha farmonni qabul qilgan edi. Unga ko‘ra, davlat idoralari qog‘oz shaklidagi hujjatlarni so‘rashni to‘xtatib, fuqarolar haydovchilik guvohnomasisiz harakatlanishlariga ruxsat berilgan.

1 fevral kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev haydovchilar o‘zi bilan haydovchilik va transport vositalarini qayd qilish guvohnomasini olib yurmaslikka ruxsat beruvchi qonunni imzolagan edi.