IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi, Toshkent shahri aeroportlarida XTB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-surishtiruvlar davomida terroristik tashkilotlar ta’siriga tushib qolgan shaxs aniqlandi. Bu haqda IIV xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning 18 fevral kuni 1996 yilda tug‘ilgan qashqadaryolik X.R. «Novosibirsk-Toshkent» yo‘nalishida uchib kelgan.

U bilan olib borilgan tezkor profilaktik suhbatga ko‘ra, gumondor Rossiyada ishlashi davomida «Hizb ut-Tahrir» terrorchilik tashkilotining ta’siriga tushgan. Yigitga tegishli Vertex hamda Redmi rusumidagi telefonlar tekshiruvdan o‘tkazilgan va ularning xotirasida diniy mazmundagi taqiqlangan materiallar saqlangani hamda o‘ziga yaqin bo‘lgan tanishlariga tarqatilgani aniqlangan.

Tekshirib ko‘rishlik maqsadida unga tegishli bo‘lgan uyali telefon apparatlari xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.

Holat yuzasidan X.R. ga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi (diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni O‘zbekiston bojxona chegarasidan o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Uning aybi sud orqali to‘liq isbotlangan taqdirda, unga 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.