Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida hozirgi lavozimga tayinlangani va Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan ishlagani haqida gapirib berdi.

Hokim lavozimiga tayinlangani haqida

Elbek Shukurovning eslashicha, barchasi koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan paytda, u jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari sifatida ishlayotganida boshlangan.

«Men shahar hokimining oldiga kelib, ‘Qanday yordam beray?', deb so‘radim, chunki tibbiyot uchun mas’ul kompleksni boshqarayotgandim. O‘shanda u ‘O‘zekspomarkaz' bilan shug‘ullanishni so‘radi (u yerda bir necha oy davomida koronavirusga chalingan bemorlar uchun taqsimot markazi faoliyat yuritdi — tahr.). Biz hokim bilan birgalikda ishni tashkil qildik. Men doim o‘sha yerda edim, yashadim. Adashmasam, bu iyul oyi edi», — aytadi hokim.

Shu vaqt oralig‘ida Sergeli tuman hokimi lavozimidan ozod qilindi. «Bir kuni tushlik vaqtida Jahongir Ortiqxo‘jayev: ‘Mana, sen sportga ketib qolding, vaholanki, yaxshi ishlayotgandik', dedi». Elbek Shukurov bunga javoban «qalban har doim hokimlikda ekani va kelajakda u yerga qaytish niyati bor"ligini aytgan.

«Oradan ikki-uch hafta o‘tib, u menga: ‘Sen qalban hokimlikda san-ku, men seni Sergeli tumani hokimi lavozimiga tavsiya qildim. Nima deysan shunga?', dedi. Men: ‘Siz bilan ishlashga jon deb boraman', deb javob berdim», — deb eslaydi Elbek Shukurov.

Hokim Jahongir Ortiqkxo‘jayev haqida

«O‘zbek tilida ‘chapani' degan so‘z bor. Bu dangalchi, mahalladan chiqqan, o‘z harakatlarini qandaydir bezamaydigan odam. To‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiqchasiga nimadir deydi, nimadir qiladi. To‘g‘risi, rahbar odam uchun, nazarimda, bu yaxshi xususiyat», — dedi Elbek Shukurov.

Sergeli tumani hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning tadbirkorlarga xos fikrlashini ham alohida qayd etib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yoki bu muammoni hal etishda poytaxt hokimida «mutlaqo farqlanadigan fikr, boshqacha qarash bo‘ladi. Aynan mana shunday fikrlash ba’zan to‘g‘ri, ehtimol, g‘ayrioddiy yechim topishga yordam beradi».

«U menejer sifatida, boshqaruvchi sifatida, katta biznesni, katta jamoani, yirik kompaniyani boshqargan odam sifatida, mening nazarimda, eng mos inson. Siyosatchilar, albatta, so‘zini ehtiyot bo‘lib, tanlab gapiradigan, qandaydir jumlalarni va harakatlarni tanlab qiladigan odamlar bo‘lsa kerak. Mana shu masala bo‘yicha, ehtimol, uni eng ko‘p muhokama qilishadi. „Nimadir dedi, nimanidir o‘ylamadi, nimadir qilmadi“. Bu, balki, uni siyosatchidan farqlab turadigan va boshqaruvda, imijni yaratishda halaqit qiladigan jihatidir», — deya ta’rifladi Sergeli rahbari poytaxt hokimini.

Shukurovning ta’kidlashicha, Toshkentning rahbari hayotda «OAVda yoki qandaydir yig‘ilishlarda chiqish qilayotgan odamdan biroz farq qiladi». Hokim bilan o‘zaro suhbat davomida u ish va xalq to‘g‘risida qanday qayg‘urayotganini ko‘rish mumkin, «biroq matbuot xizmati buni ko‘rsatib berolmaydi».

Poytaxt hokimligiga nisbatan bo‘lgan negativ haqida

Elbek Shukurovning ta’kidlashicha, piar masalasidagi xatoliklar boshida Toshkent shahar hokimligida og‘riqli qabul qilingan, biroq keyin «hokimning o‘zi bunga qanday munosabat bildirayotganini ko‘rib», vaziyat o‘zgargan.

«„Lyubaya biznes xorosha“ degan gapni o‘zimiz ham tez-tez muhokama qilib turamiz, shahar hokimining o‘zi ham ba’zan shu gap ustidan hazil qiladi. Ba’zida uning oldida shu gapni o‘zimiz ham ishlatamiz. Agar qandaydir jiddiy muammoga taalluqli bo‘lmasa, og‘riqli emas», — dedi tuman hokimi.

Shu bilan birga, Elbek Shukurovning fikriga ko‘ra, toshkentliklarning shahar ma’muriyatiga nisbatan bahsli, ba’zida salbiy munosabatda bo‘lishi «ko‘p jihatdan odamlar faqat shahar hokimini bilishi», uning o‘rinbosarlari va boshqa mas’ul shaxslarni tanimasligi bilan bog‘liq.

«Ko‘p yaxshi ishlar qilingan, biroq ularni tez unutamiz, hokimlik deganda ko‘proq xatolar xayolga keladi. Hokim o‘rinbosarlari va boshqa mas’ul shaxslar ko‘proq muloqot qilganda edi, media uchun ochiqroq bo‘lsa, hokimlik haqida tasavvur butunlay boshqacha bo‘lardi», — deydi hokim.

«Rahbar sifatida, u (Jahongir Ortiqxo‘jayev — tahr.) demokrat. Bu qarorlarni qabul qilish jarayonida ayniqsa yaqqol seziladi. U har doim o‘z o‘rinbosarlari, xodimlari bilan maslahatlashadi», — deya so‘zini tugatdi Sergeli tumani hokimi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari va Toshkent hokimining o‘rinbosari bo‘lgan Elbek Shukurov o‘tgan yilning avgust oyida Sergeli tumani hokimi etib tayinlangan edi.