Vengriyaning OTP Bank`i O‘zbekistonning “Ipoteka-bank”ini xususiylashtirishda ishtirok etadi, deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev. Prezident ushbu mavzuga 30-mart kuni bo‘lib o‘tgan o‘zbek-venger kengaytirilgan formatdagi muzokaralar vaqtida to‘xtalib o‘tdi, deya xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

“Vengriyaning OTP banki O‘zbekistonning “Ipoteka bank”ining davlat ulushini xususiylashtirishda ishtirok etishini boshlaganini qizg‘in qutlaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev, Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanga murojaat qila turib.

Davlat rahbari ushbu masala yuzasidan tomonlar “jiddiy kelishib olgan”ini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, seshanba kuni banklar rahbarlari bilan tor doiradagi uchrashuvda rejalar va istiqboldagi vazifalar muhokama qilingan. Prezident biroz muddat o‘tgach, real natijalar qayd etila boshlashini aytdi.

Vengriyaning “OTP Bank`i O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi 2020-yilning iyulidayoq ma’lum bo‘lgan edi. Bu haqda Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyartoning Toshkentga tashrifi chog‘ida so‘z ochilgan edi. Joriy yilning fevralida OTP Bank O‘zbekistondagi banklardan birini xususiylashtirish jarayonida qatnashishi xabar qilingan edi.

2019-yilning iyun oyida “Ipoteka-bank”ning ustav kapitalidagi davlat ulushi 2022-yilning yakuniga qadar 50 foizdan kamroq bo‘lishi kutilayotgani ta’kidlangandi. Bank Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida xususiylashtirilishi va transformatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.

OTP Group (“Gruppa OTP”, BSE: OTP, LSE: OTPD) — moliya, sug‘urta, investitsiya va bank biznesi bilan shug‘ullanuvchi bank guruhi — aktivlar va lizingni boshqarishdan tortib, pensiyalarni moliyalashtirishgacha bo‘lgan sohalarda faoliyat yuritadi.