Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida hokimlarning konteynerlarga ko‘chib o‘tishi haqida munosabat bildirdi.

«Men konteynerga ko‘chib o‘tmayman. Konteynerga ko‘chish uchun ayb ish qilganim yo‘q deb o‘ylayman. Konteynerlarga ko‘chib o‘tganlarga e’tibor qaratilsa, balki bir tarafdan bu to‘g‘ridir. Hududlar katta, shunday tumanlar borki bir chekkasidan ikkinchisiga borish uchun 1 soat yurishga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, balki hokim biror mahalla bilan to‘liq shug‘ullanmoqchi bo‘lsa, ularning o‘sha yerda konteynerga joylashishi va yashashida ma’no bordir», — dedi u.

Hokim prezident tomonidan konteynerga hamma ko‘chishi kerakligi haqida aytilmaganini ta’kidladi.

«Men buni aniq eslayman. Prezident pastga tushishni aytgan. Misol uchun, Chirchiq bo‘yicha yurganda ham belkurak olib shu yerni tozalaysan dedilar», — deb aytdi Elbek Shukurov.

«Lekin odamga ishlashi va yashashi uchun konteyner qulay bo‘lsa, nega unday qilmasligi kerak? Menda mikroavtobus bor. Odatda biz to‘rttalamiz tumanni mana shu mikroavtobusda aylanib chiqamiz. Agar 1−2 kun davomida biz biror joyda ushlanib qolsak, mana shu sayyor shtabimizda barcha sharoitlar — televizor, narsalarni yozish, rejalashtirish, chizmalarni chizish uchun stol bor. U yerga 12−14 ta odam sig‘adi. Toshkent shinam, konteynerga ko‘chishga hojat yo‘q. Men ko‘chmayman», — deya qo‘shimcha qildi tuman hokimi.

20 fevral kuni Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazoqov prezident tashrif buyurgan «Bunyodkor» mahallasida muammolar o‘z yechimini topguniga qadar yashashini ma’lum qilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev amaldorlarga muammolarni tushunish hamda vazifa va topshiriqlarni «to‘g‘riroq» belgilab olish uchun hech bo‘lmaganda bir oyga mahallalarga yashash uchun ko‘chib o‘tishni taklif qilgan edi.

«Namangan hokimi mahallada yashash uchun ko‘chib o‘tgani ko‘pchilikka yoqmaydi… Uning oldiga kuniga 50 nafar ayol kelmoqda. Bu ularning muammolari yillar davomida o‘z yechimini topmaganidan dalolat», — degan edi davlat rahbari.

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Olot tumanida aholi bilan muloqot qilish, muammolarni o‘rganish uchun o‘z shtabini vagonda tashkil etgan edi.