Turkiyada Ramazon oyi paytida karantin cheklovlari kuchaytiriladi

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an mamlakatda dam olish kunlari, shuningdek, Ramazon oyida qat’iy cheklov choralari qayta joriy etilishini e’lon qildi. «Milliy komendantlik soati mahalliy vaqt bilan soat 21:00 dan 05:00 gacha davom etadi», — dedi Erdog‘an. Kafe va restoranlarning bandligi 50 foizdan oshmasligi kerak. Bundan tashqari, Ramazon oyida (13 aprel — 13 may) jamoat ovqatlanish joylarida tong va shom paytida jamoa bo‘lib saharlik va iftorlik qilish taqiqlanadi — kafelar va restoranlar olib chiqish yoki yetkazib berish xizmatlarni taklif etishi mumkin. Ayni paytda mamlakatning 81 provinsiyasidan 58tasida epidemiologik vaziyat o‘ta yomon deb baholanmoqda. — Interfaks.


Belarusda ekstremizm bilan bog‘liq 700 dan ortiq ish sudga yuborildi

Belarus Tergov qo‘mitasi (TQ) prokuratura organlariga ekstremizm bilan bog‘liq 700 dan ortiq jinoiy ishlarni sudlarga yuborish uchun topshirdi. «Ayni paytda TQ tergov o‘tkazib, ekstremizm bilan bog‘liq 700 dan ortiq jinoiy ishlarni sudga yuborish uchun prokuratura organlariga topshirgan. Tartibsizliklar va boshqa noqonuniy xatti-harakatlarda ishtirok etgan barcha shaxslarni, ayniqsa, ularning tashkilotchilari va koordinatorlarini aniqlash bo‘yicha faol choralar ko‘rilmoqda», — dedi TQ vakili Aleksey Borodko. Unga ko‘ra, o‘tgan yili 350 dan ortiq shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan, ularning uchdan ikki qismi o‘z ayblarini to‘liq yoki qisman tan olgan. Ayblanuvchining o‘rtacha yoshi 25 dan 33 yoshgacha bo‘lgan, ularning deyarli yarmi hech qayerda ishlamagan yoki o‘qimagan. — BelTA.


Ruminiyada karantin choralariga qarshi namoyishlar uchinchi kun davom etmoqda

Ruminiyada koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq cheklov choralarining kuchaytirilishiga qarshi noroziliklar uchinchi kun davom etmoqda. 30 mart kuni kechqurun namoyishchilar Buxarestdagi Universitet maydoniga yig‘ilib, marsh o‘tkazdilar, ular ichki ishlar va sog‘liqni saqlash vazirliklarida, G‘alaba maydonidagi hukumat qarorgohi va davlat rahbarining qarorgohi yonida kezishdi. OAVning xabarlariga ko‘ra, namoyishlarda 2 mingga yaqin kishi qatnashgan va ularning aksariyati tibbiy niqobsiz edi. Ular milliy bayroqlarni ko‘tarib, hukumatga qarshi shiorlar aytib qichqirishgan, shuningdek, bosh vazir Florin Kitsu va ichki ishlar vaziri Rayed Arafatning iste’fosini talab qilishgan. Ruminiyada davom etayotgan norozilik namoyishlari ma’lum siyosiy kuchlar tomonidan uyushtirilganligi haqidagi nazariyalar tobora keng tarqalmoqda, deya yozmoqda TASS. Ruminiya hukumati 28 mart kunidan boshlab koronavirus tarqalishiga qarshi cheklov choralarini kuchaytirdi. Xususan, dam olish kunlari soat 22:00 o‘rniga 20:00 dan boshlab komendantlik soati joriy etildi va do‘konlarning ish vaqti qisqartirildi. Ushbu choralarga qarshi norozilik namoyishlari Ruminiyaning boshqa bir qator shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi. — TASS.


AQSH xorijlik mutaxassislar uchun vizalarni qayta rasmiylashtirishni rejalashtirmoqda

AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati chet ellik mutaxassislar uchun bir qator ishchi vizalarini berishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishni rejalashtirmoqda. Unga ko‘ra, AQSHning yangi rasmiylari o‘tgan yili bir necha toifadagi ishchi vizalarini, shu jumladan H-1B, H-2B, H-4, L turlari va ko‘plab J toifadagi hujjatlarni berishga qo‘yilgan taqiqni uzaytirmaslik imkoniyatini ko‘rib chiqishmoqda. Ularning barchasi AQSHda ishlash huquqini beradi. O‘sha paytdagi prezident Donald Tramp tomonidan yanvar oyi boshida uzaytirilgan taqiq 31 martda o‘z kuchini yo‘qotadi. Xususn, H-1B dasturi AQSH ish beruvchilariga chet ellik ishchilarni vaqtincha jalb etish imkoniyatini beradi. Mamlakatning yirik texnologik kompaniyalari o‘z sohalarini, ayniqsa ilmiy va texnik sohalarni chuqur biladigan chet ellik mutaxassislarni jalb qilish uchun ushbu viza turiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish bo‘yicha murojaat qilishdi. — Bloomberg.

AQSHda bir necha turdagi vizalar mavjud. Ularning H,L,O,P,Q,R toifalari ishchi viza turiga kiradi.