BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer 28 mart kuni Toshkent markazida sodir bo‘lgan tartibsizliklarga munosabat bildirdi.

«Butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham BMT har qanday shaxsga nisbatan kamsitish va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishini qoralaydi. BMT, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tolerantlik, inklyuzivlik, ijtimoiy xilma-xillik va inson huquqlarining umumbashariy me’yorlari va tamoyillarining bo‘lgan nafrat va adovat ifodalarining ishlatilishini ham qoralaydi», — deyiladi bayonotda.

«BMTning O‘zbekistondagi jamoasi O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralarini hafta oxirida sodir bo‘lgan xavotirli voqealar yuzasidan xolis tekshiruv o‘tkazishga chaqiradi», — deydi Xelena Freyzer.

«Shuningdek, biz ommaviy axborot vositalari, blogerlar va fuqarolik jamiyatini nafrat va diskriminatsiyaning har qanday ko‘rinishi natijasi bo‘lgan zo‘ravonlikka qarshi kurashga birgalikda ishlashga chaqiramiz», — deya qo‘shimcha qiladi u.

BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori tashkilotning bosh kotibi Antoniu Guterrishning so‘zlarini keltirdi. U BMT nizomiga tayanib, shunday degan edi: «Inson huquqlari har bir insonning tug‘ilishi bilan beriladigan huquqlardir va bu har bir mamlakat manfaatida. Ular barqarorlikni ta’minlaydi, birdamlikni mustahkamlaydi hamda taraqqiyotga yordam beradi».

Bundan tashqari, sodir bo‘lgan voqeaga ayrim xorijiy mamlakatlarning elchilari Twitter orqali munosabat bildirgan.

AQSH elchisi Deniel Rozenblyum quyidagicha yozgan edi: «Dam olish kunlari Toshkent ko‘chalarida zo‘ravonlikni ko‘rish juda xavotirli. O‘zbekiston hukumatini bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanishi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazishga chaqiraman».

Buyuk Britaniya elchisi Tim Torlot shunday dedi: «Dam olish kunlari o‘tkazilgan namoyishlarda shuncha nafratni kuzatish juda achinarli. Bilaman, bu juda nozik masala. Biroq, xilma-xil jamiyat — bu kuchli jamiyat. Tolerantlik. Bloger/jurnalistlarga zo‘ravonlik qilishni oqlab bo‘lmaydi».